Prezident huzuridagi Statistika agentligi iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning “Gazeta.uz” tomonidan e’lon qilingan “Anomal yanvarda anomal statistika” sarlavhali maqolasiga rasmiy sharh bilan javob qaytardi. Agentlik sharhi qisqartirishlarsiz e’tiboringizga havola etiladi.

Statistika agentligi munosabati

Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda Prezident huzuridagi Statistika agentligi tomonidan 2023-yilning yarim yillik yakunlari bo‘yicha asosiy statistik ko‘rsaktichlarni shakllantirish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Iqtisodiy sohada bilimga ega mutaxassislarga ma’lumki, mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘tgan davrlar uchun dinamik qatorlar uzviyligi hamda asosiy indikatorlarni o‘zaro bog‘langan holda amalga oshirilgan puxta tahlillar asosida shakllantiriladi va tabiiyki, shakllantirilgan har bir ko‘rsatkich bo‘yicha Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladigan press-relizlarda batafsil izohlar berib borilmoqda.

Haqiqatdan ham, 2023-yilning yanvar oyida so‘nggi uch yillikning dastlabki oyidagi eng past oylik inflyatsiya darajasi kuzatildi.

inflyatsiya, statistika agentligi

Yuqoridagi grafikda so‘nggi uch yillikning yanvar oyidagi oylik inflyatsiya darajasiga asosiy guruhlar kesimida ta’sir tuzilmasini yaqqol ko‘rish mumkin.

Demak, 2021-yilning yanvar oyi bilan taqqoslaganda, 2023-yilning yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlarining yig‘ma ko‘rsatkichga ta’siri 0,08 foiz bandga past, nooziq-ovqat mahsulotlar ta’siri 0,06 foiz bandga yuqori, xizmatlar ta’siri 0,16 foiz bandga past bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, taqqoslanayotgan davrlarda yig‘ma ko‘rsatkich o‘rtasidagi farq asosan 2021-yilning yanvar oyida xizmatlar narxlarining yuqori o‘sishi (1,4 foiz, 2023-yil yanvarda 0,7 foiz) ta’sirining hisobiga shakllangan.

2021-yilning yanvar oyida xizmatlar guruhida 1,4 foizlik inflyatsiya darajasiga qator hududlarda sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar qiymatining (o‘rtacha 59,8 foizga) oshirilishi asosiy ta’sir (0,23 foiz darajasi) ko‘rsatgan.

2022-yilning yanvar oyi bilan taqqoslaganda, 2023-yilning yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlarining yig‘ma ko‘rsatkichga ta’siri 0,10 foiz bandga past, nooziq-ovqat mahsulotlar ta’siri 0,05 foiz bandga yuqori, xizmatlar ta’siri 0,01 foiz bandga yuqori bo‘ldi. Demak, taqqoslanayotgan davrlarda yig‘ma ko‘rsatkich o‘rtasidagi farq asosan 2022-yilning yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi (1,3 foiz, 2023-yil yanvarda 1,0 foiz) ta’sirining hisobiga shakllangan.

Shu bilan birga, yuqoridagi grafikda, haqiqatdan ham 2023-yilning yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari umumiy guruhi narxlarining o‘rtacha o‘sish sur’ati sekinlashganligini ko‘rish mumkin. Biroq, alohida mahsulotlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, guruh bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkich asosan qaysi mahsulotlar ta’sirida shakllanganligini yaqqol ko‘rsatilgan.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining 2021−2023-yillarning yanvar oyidagi INI, foizda

inflyatsiya, statistika agentligi

Yuqoridagi grafikdan ko‘rinib turibdiki, 2023-yilning yanvar oyida donli ekinlar va yorma mahsulotlari, baliq mahsulotlari, yog‘lar va moylar, mevalar va yong‘oqlar va shakar narxlarida so‘nggi uch yillikning yanvar oyidagi eng past ko‘rsatkich qayd etilgan. Biroq, tuxum va sabzavotlar narxlari joriy yilning yanvar oyida 2021−2022-yillarning yanvar oylaridagiga nisbatan yuqori o‘sgan.

Ta’kidlash joizki, statistika sohasidagi har bir kuzatuv jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan alohida uslubiy yondashuvlar asosida amalga oshiriladi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarining dehqon bozorlari va do‘konlardagi o‘rtacha narxlari hamda tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi ikkita alohida yondashuvlar asosida hisob-kitob qilinadi.

Mahsulotlarning dehqon bozorlari va do‘konlardagi o‘rtacha narxlari har hafta o‘tkaziladigan kuzatuvlarda savdo nuqtalarida taklif etilayotgan barcha turdagi mahsulotlarning narxlarini qayd etish orqali to‘plangan ma’lumotlardan o‘rtacha oylik kattalik sifatida hisob-kitob qilinadi.

Iste’mol narxlari indeksi esa, har oyning 10−20 sanalari oralig‘ida savdo nuqtalarida faqatgina avvaldan tanlab olingan muayyan tovar (xizmat) turi (brendi, markasi va boshqa) narxini qayd etish orqali to‘plangan ma’lumotlar asosida hamda tovar (xizmat)ning iste’mol savatidagi salmoq vaznidan foydalangan holda hisob qilinadi.

Narx kuzatuvlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan metama’malumotlar orqali ma’lumotga olishingiz mumkin.

Shu sababdan, maqoladagi mahsulotlarning bozor va do‘konlardagi o‘rtacha narxlari asosida hisoblangan narx o‘zgarishlarini e’lon qilingan iste’mol narxlari indeksi ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash to‘g‘ri hisoblanmaydi.

Shuningdek, maqoladagi import tovarlarning narx o‘zgarishlarini iste’mol narxlari indeksi ko‘rsatkichi bilan taqqoslash ham ilmiy jihatdan to‘g‘ri hisoblanmaydi. Chunki, iste’mol narxlari indeksida har bir tovar va xizmat iste’mol savatidagi ulushiga ega bo‘lib, bunda eng yuqori salmoq vazn oziq-ovqat mahsulotlariga tegishlidir. Import tovarlar narxlari yig‘ma indeksi esa har bir tovarning import qilingan jami tovarlar hajmidagi ulushidan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilinadi. O‘z navbatida, import tovarlar tarkibida yakuniy iste’mol uchun mo‘ljallangan tovarlar ulushining pastligi, import narxlari yig‘ma indeksiga boshqa turdagi tovarlarning ta’siri yuqoriligini anglatadi.

Umuman olganda, iqtisodiy sohadagi ayrim mutaxassislar tomonidan Statistika agentligi tomonidan O‘zbekiston iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasi bo‘yicha shakllantirilgan ma’lumotlar to‘g‘risida turli xil shaxsiy taqqoslashlar va tahlillar asosida subyektiv fikrlar bildirib kelinadi. Statistika agentligi statistika sohasida ilmiy asoslangan har qanday fikrlar va takliflarni eshitishga doimo tayyordir.

Statistika agentligi tomonidan shakllantiriladigan iste’mol narxlari indeksi va boshqa statistik ko‘rsatkichlar yirik xalqaro moliya institutlar metodologiyalari va tavsiyalari asosida shakllantiriladi va e’lon qilinadi. Shuningdek, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi yirik xalqaro tashkilotlarning ekspertlari bilan uchrashuvlarda, statistik hisob-kitoblarning yuritilishi borasida doimiy muhokamalar o‘tkazilmoqda, iste’mol narxlari indeksi to‘g‘risida shakllantirilgan ma’lumotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmoqda va ularning axborot resurslarida e’lon qilib borilmoqda. Shuningdek, espertlarning taklif va xulosalari asosida amaliyot takomillashtirib kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Statistika agentligi tomonidan inflyatsiya darajasi to‘g‘risidagi axborotlarni qandaydir ilmiy asoslanmagan, shaxsiy qarashlarga tayangan holda “kutilayotgan, sezilayotgan” deya ta’kidlanadigan axborotlar asosida emas, balki o‘tkazilgan obyektiv kuzatuvlarda to‘plangan fakt hisoblangan ma’lumotlar hamda ilmiy asoslangan metodologiyaga tayangan holda amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2023-yil 23-martda qabul qilingan “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-41-son farmoni bilan 36 ta turdagi tovarlarga O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi belgilangan edi.