19-iyun kuni kechqurun “Toshkent-Qibray-May” avtomobil yo‘lining Toshkent viloyati Qibray tumani hududidan o‘tuvchi qismida “VAZ-2106” rusumli avtomashina uch nafar bolani urib yubordi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ma’lumotni viloyat IIB matbuot xizmati tasdiqladi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 32 yoshli S.J. mast holda avtomobilni boshqarib ketayotib, yo‘lning chap tomonida ketayotgan bolalarni urib yuborgan. Natijada 14 yoshli o‘smir vafot etgan, yana ikki nafari turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.