21-iyun kuni Navoiy shahri hokimi Muratxan Egamqulov Yusuf Tursunovni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinladi, oldin ham bu lavozimda ishlagan Tursunov mablag‘larni talon-toroj qilishda ayblanib, lavozimidan ozod etilgandi.

2021-yilda sud qarori bilan Yusuf Tursunov 1 milliard 53 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib, mas’ul lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlariga jalb etilgan.

Hokim qaroriga ko‘ra, sobiq rahbar ushbu lavozimga 3 oy sinov muddati bilan qayta tayinlangan.

Internet nashrlar mazkur hujjatga e’tibor qaratganidan so‘ng 22-iyun kuni Navoiy viloyati hokimligi Navoiy shahar hokimining yangi qarori bilan Yusuf Tursunov lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.

“Holat yuzasidan Navoiy viloyati hokimligi ishchi guruhi tomonidan xizmat o‘rganishi o‘tkazildi. O‘rganish natijasida kadrlarni rahbarlik lavozimiga tayinlashda yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llanishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Shahar hokimining yangi qarorida Yusuf Tursunov “o‘z xohishiga ko‘ra” ishdan olingani aytilgan.

Ish tafsilotlarini bu yerda o‘qish mumkin.