E-auksion platformasida sobiq Algoritm zavodi bino va inshootlari Strategic Development Team mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 307 mlrd 602 mln so‘mga sotildi.

obyektning boshlang‘ich narxi 292 mlrd 955 mln so‘m bo‘ldi. Kimoshdi savdosida Strategic Development Team`ning taklifidan boshqa taklif kelib tushmadi. Savdo 16 daqiqa 32 soniya davom etdi.

Bitim E-auksion platformasidagi eng yirik bitimlardan biriga aylandi. Avvalgi rekord summa 2021-yil dekabr oyida qayd etilgan bo‘lib, Do’mbrobod City Group kompaniyasi Chilonzor tumanidagi harbiy shaharcha joylashgan 27,86 gektarlik yer uchastkasini 266,4 milliard so‘mga sotib olgan edi.

Sobiq Algoritm bino va inshootlarining umumiy maydoni 89,8 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. obyekt 16,1 ga maydonda joylashgan. Zavoddagi ishlab chiqarish korxonalari binolarni bosqichma-bosqich bo‘shatadi, ammo xaridor ijarachilarni ijara shartnomasida ko‘rsatilgan stavka bo‘yicha bir yil davomida ishlashini ta’minlashi kerak bo‘ladi.

2012-yilda zavodda Candy jahon brendi va milliy Roison brendi ostida muzlatkichlar, split-konditsionerlar va kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi. 2018-yilning may oyida O‘zbekiston Germaniya kompaniyalariga Toshkentdagi Algoritm zavodi negizida maxsus sanoat zonasini tashkil etishni taklif qilgan.

2021-yil iyul oyida zavod xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. obyekt ilk bor o‘tgan yilning kuzida auksionga qo‘yilgan edi, deb yozadi Spot.

Xaridor korxona 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitali 7 mln so‘mni tashkil etadi. Uning egasi sifatida Fatxulla Sadikov ko‘rsatilgan. Tadbirkor 10 dan ortiq kompaniyalar, jumladan, Mars, Wrigley, Danone va boshqalar mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi Adler Group Distribution (47,5%), yuk tashishga ixtisoslashgan Planet Service Plus (47,5%) va Havas Food supermarketlar tarmog‘iga (70,1%) egalik qiladi.