Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasini hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini sudlarga murojaat qilish chog‘ida davlat bojini to‘lashdan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Amaldagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari — o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma’muriy sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining va iste’molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.