Joriy hafta 73 yoshida vafot etgan professor Qudrat Irnazarov nomi o‘zi ishlagan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedrasi va auditoriyalaridan biriga beriladi. Bu haqda universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ma’lum qildi.

“Yaqinda Turkiyaga borganimda men e’tibor bergandim. Ular shunday bir jon fido ustozlarga audioriyalar nomini qo‘yisharkan. Men o‘yladim biz ham odamlarimizning qadriga yetishimiz lozim. Bugun men o‘zimning hamkasblarim bilan maslahatlashib qarorga keldim-ki, Qudrat To‘g‘onovich Irnazarovning ulkan xizmatlari, u kishining otalari Tug‘on Akaning jurnalistikamiz oldidagi beqiyos xizmatlarini inobatga olib „Jamoatchilik bilan aloqalar“ kafedrasiga Qudrat Irnazarov nomini qo‘ysak va universitetdagi bir ko‘rkam auditoriyani atab Qudrat Irnazarov nomini bersak degan fikrni bildirganimda, hammaning ko‘zida nur paydo bo‘ldi”, — deb yozdi rektor.

Sherzodxon Qudratxo‘ja Qudrat Irnazarov 2008-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti (sobiq Toshkent davlat universiteti) jurnalistika fakulteti dekani bo‘lib ishlaganida uni Internet jurnalistikasi kafedrasiga mudir etib ishga olganini esladi.

“Ko‘p yillar Qudrat aka bilan yonma-yon ishladim. Uni qanday harakterga ega ekanligini tushundim. Uni oliyjanob shaxsligini bildim. Prinsipial dekanligini bildim. Uncha-bunchaga egilmasdi. Va shundy xotima topdi. Qudrat aka bilan Ilmiy kengashlarda o‘tirar edik. Qudrat akanining xarakterlariga men qoyil qolar edim. Olimligiga, begidir, ishonuvchan insoniyligiga qoyil qolardim”, — deb yozdi rektor.