Ijtimoiy tarmoqlarda akvaparkda suzish kiyimida raqsga tushgan qizlar aks etgan video tarqaldi. Videoni e’lon qilgan kanallardan biri unga “Bu yer Yevropamas, o‘zimizning Samarqand” deya izoh yozib, “dahshat” va “ana xolos” teglarini qoldirdi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi holatga munosabat bildirib, voqea 16-iyun kuni Samarqand tumanidagi “Vavilon” cho‘milish havzasida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro D.Nasimov “ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidasini qo‘pol ravishda buzib, 2000 ga yaqin fuqaro ishtirokida tadbir uyushtirgan”.

“Jarayonda bir guruh raqqosa qizlarning yarim yalang‘och holatdagi behayo o‘yinlari, jamoat joyida yurish-turish qoidalariga amal qilinmagani aniqlandi”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan tadbir tashkilotchisiga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun JIB Samarqand tumani sudiga yuborildi.

“Tadbirda behayo o‘yinlar ko‘rsatgan raqqosalar teri-tanosil kasalliklari ko‘rigidan o‘tkazilib, OITS va OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olinib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi”, — deyiladi boshqarma xabarida.