22-iyun kuni Oliy Majlis Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

“Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sifat va mazmun jihatda butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslar mastahkamlandi. Ta’sirchan choralar, samarali mexanizmlar belgilandi. Shulardan biri normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi alohida ekspertizadan o‘tkazishdir. Masalan, 2021-yilning o‘zida 800 dan ortiq amaldagi qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning 224 tasida, ya’ni 28 foizida 650 dan ortiq korrupsiyaviy omil aniqlangan”, — deydi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

“Mana shu raqamlarning o‘zi korrupsiyaga qarshi ekspertizaning qanchalik muhimligi haqida dalolat beradi. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza shunchaki byurokratik protsedura emas, balki har tomonlama puxta o‘ylangan va tashkil qilingan, aniq maqsadli, keng qamrovli, tizimli va muntazam amaliyot bo‘lmog‘i zarur”, — dedi rais.

Hujjat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda. Unda quyidagilar belgilanmoqda:

Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadigan organlar va ularning vakolatlari:

  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
  • adliya organlari;
  • vazirlik, idora va tashkilotlarning yuridik xizmatlari.

Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazishga haqli.

Ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.

O‘zbekiston fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT, OAV davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Bunda ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar taalluqliligi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy.

Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan ta’minlash hamda monitoring qilish Adliya vazirligiga yuklatilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.