Farg‘ona viloyatida mushukni qafasga qamab, tiriklayin yoqib yuborgan va jarayonni tasvirga tushirgan uch nafar erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan BHMning 3 baravari miqdorida (990 000 so‘m) jarimaga tortilgandi.

““Mehr va oqibat” hayvonlar huquqlarini himoya qilish jamiyati muhofaza qiluvchi xodimlarga tezkorliklari uchun o‘z minnatdorligini bildirgan, biroq shaxslarning dahshatli harakatlari noto‘g‘ri baholangan, deb hisoblagan. “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga ko‘ra, hayvonlarning o‘limiga yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lgan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”, — deyilgandi jamiyat xabarida.

Shundan so‘ng Quvasoy shahri prokurorining protesti bilan sud qarori bekor qilingan. Bosh prokuratura huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) hamda 189−1-moddasi (Tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilishi ta’minlanganini ma’lum qilgandi.

Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, 21-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahri sudida 1983-yilda tug‘ilgan M.A., 1995-yilda tug‘ilgan A.A. va 2005-yilda tug‘ilgan A.A.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Sud qaroriga ko‘ra, M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi va 189−1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga ushbu kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish)ga asosan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, A.A.ga 5 sutka, A.A.ga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.