22-iyun kuni Oliy Majlis Senatining 42-yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda parlamentning yuqori palatasi matbuot xizmati.

Senatorlar “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi, davlat boji hamda narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash haqidagi va ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent 2022-yil 22-dekabr) hamda O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Islomobod 2022-yil 3-mart) ratifikatsiya qilish ham muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.