Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 1-iyuldan Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Bu haqda yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tgan hay’at yig‘ilishida aytib o‘tilgandi. Bundan tashqari, ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish haqida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ham so‘z borgan.

Bunda aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori-darmonlar paketi bepul taqdim etiladi. Jamg‘arma tizimining vazifasi oilaviy shifokorning maqomini ko‘tarish va uning yo‘llanmasi asosida kafolatlangan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iborat.

“Oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan beriladigan har bir shifoxonaga [borish uchun] yo‘llanmalar raqamlashtirildi. Bemorlar shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, davolanishga tasdiqlangan yo‘llanma orqali bemalol o‘ziga belgilangan shifoxonada muolaja olishi mumkin”, — deya ta’kidladi jamg‘armaning Toshkent shahri filiali bo‘limi boshlig‘i O‘rolboy Safarov.

davlat tibbiy sug‘urta tizimi

“Hozir ham yo‘llanmalar beriladi. Lekin uning hammasi navbat asosida, sarsongarchilik orqali olinadi. Endi bularning barchasi raqamlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilib, shifoxonalarda davolanish huquqi beriladi. Sarsongarchiliklarning oldi olinadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi haqida aholidan tashqari tibbiyot xodimlarini ham xabardor qilish uchun poytaxtdagi birlamchi tibbiy muassasalar rahbar va xodimlariga seminarlar o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, tibbiy sug‘urta uchun tizim raqamlashgan bo‘lishi muhim va bu Toshkent shahridagi barcha shifoxonalarda bajarilgan. Hozirda jamg‘arma Toshkent shahridagi 160 ta tibbiyot muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Elektron bazada har bir bemorning tashxisi, kasalliklari, olgan muolajalari haqida ma’lumotlar bo‘ladi. Shu asosda shifokorlar bemorni nazoratga olib, profilaktika va davolash bilan shug‘ullanadi. Dori-darmonlar berishda ham yangi tartib joriy etiladi.

“Reimbursatsiya — asosiy surunkali 5 ta kasallik 11 xil turdagi dorilar bilan bepul, uzluksiz usulda ta’minlash maqsad qilingan. Bemorlar dorilarni elektron usulda ham olishi mumkin bo‘ladi. Buning natijasida ko‘p sonli poliklinikalarga qatnovlar soni kamayadi”, — deydi jamg‘arma xodimi.

Olmazor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Azizbek Nizomovning ta’kidlashicha, oldinlari faqatgina retsept asosida bemorning qo‘liga shifokor tomonidan dori yozib berilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu reimbursatsiya tizimiga o‘tkaziladi va raqamlashtirish orqali bemorga dori-muolajalar yoziladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga borgan bemorlar o‘zining tibbiy ID raqamini aytadi va tasdiqlangan, ro‘yxatga olingan dorilarni bepul oladi.

davlat tibbiy sug‘urta tizimi

Mas’ullarning ta’kidlashicha, kafolatlangan sug‘urta paketiga aholi orasida ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha o‘nga yaqin tibbiy xizmat kiritilgan. Tizim jahon standartlari asosida takomillashtirib boriladi.