21-iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qozog‘iston va Rossiya bilan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini almashish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi, deb yozmoqda Kloop davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib.

Hujjatga ko‘ra, davlatlar bir-birlariga quyidagilar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi:

  • fuqarolik mavjudligi;
  • yashash joyida ro‘yxatdan o‘tishning mavjudligi;
  • fuqaroning ko‘chmas mulki;
  • fuqaroning mulkiy majburiyatlari;
  • fuqaroni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar.

Prezident administratsiyasining aniqlik kiritishicha, kelishuv Qirg‘iziston tomoni barcha ichki tartib-qoidalar bajarilganidan keyingina kuchga kiradi.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya 2020-yil dekabr oyida shaxsiy ma’lumotlar almashinuvi sohasida ma’muriy masalalarda o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Qozog‘iston va Rossiya allaqachon hujjatni ratifikatsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston MDH davlatlarida qidiruvga berilgan shaxslarni tanib olish tizimini ishga tushirgani xabar qilingandi. Iyun oyi boshidan buyon mamlakatda o‘nlab fuqarolar, jumladan, Rossiya va O‘zbekistondan kelgan to‘rt nafar xorijlik hibsga olingan.