Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 20-iyun kuni OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Gazeta.uz” muxbirining Tolibon Amudaryodan suv olish uchun qurayotgan Qo‘shtepa kanali haqidagi savoliga javob berdi.

Vazirning ma’lum qilishicha, joriy yilning 22-mart kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi maxsus samolyotda Afg‘onistonga borgan. Kobulda mamlakat delegatsiyasi bir qator masalalarda muzokaralar o‘tkazgan. Xususan, Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasi ham muhokama qilingan.

“Biz ularga: „shu kanalni qurayapsizlar, biz pastda suvga qiynalyapmiz, sizlarga o‘zimizning tashvishimizni bildirgani keldik“, — deb, albatta, aytdik. Ular: „Tashvishlaringizni tushunamiz. Lekin bizni o‘z vaqtida inglizlar, SSSR, keyin Amerika bosib olgan. Hamma bizga talon-torojlik orqali dushmanlik qilgan. Hozir ham ko‘p davlatlar bizni tan olmaydi, qiynalyapmiz. Juda katta mablag‘larimiz, hisobraqamlarimiz muzlatilgan. Ammo xalqimiz och, biz yeyishimiz kerak, nimadir ekishimiz lozim. Buning uchun suv kerak va hokazo“, — deb tushuntirishga harakat qilishdi”, — dedi Shavkat Xamrayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida mamlakat delegatsiyasi “Tolibon” harakati vakillariga kanal qurilishidan tashvishda ekanligini bildirgan.

“[Loyihada] ko‘p xato va kamchiliklar bor. „Bizda aqlli loyihachilar, loyiha institutlari bor, birgalikda qilaylik“, dedik. Kanal loyihasi bo‘yicha 6 ta variant qilingan. Hammasini chuqur o‘rganganman… Bir-birimizni do‘stona xalqlar, deb hisoblashimiz kerak. Biz shunday niyat qildik: bu [kanal] ikki xalqni urishtiradigan emas, birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘lib qoladi. Ular niyatimizga qo‘shildi. Biz ham yordam beramiz. Ular bilan shunday kelishganmizki, ishchi guruh tuzamiz”, — dedi vazir.

suv xo‘jaligi vazirлиги, тolibон, шавкат хамраев, қўштепа kanali

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

Shavkat Xamrayevning qayd etishicha, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining yaqin bir hafta ichida yana Afg‘onistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

“Bu ikkinchi tashrifimiz bo‘ladi. Bu safar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, kanalga va qurilish joylariga boramiz, loyihachilarimiz bilan birga ishlaymiz. Keyin bizning qayerda va qanday yordam berishimiz aniq bo‘ladi. Ular suv olishi kerak, baribir oladi. Yopasan, qilmaysan, degan gap yo‘q bu yerda. Tarixan va hozirgi kunda ham suvning shakllanishiga qarab, ma’lum bir miqdorda suv olish huquqi bor. Shu huquqning chegarasini ham, boshqasini ham kelishib, ishchi guruhi ish olib boradi. Hozir juda katta ish olib borilyapti, bu hurmatli prezidentimizni ham eng bezovata qilgan masalalardan biri. Bu haqda bir necha marta o‘z ma’ruzalarida ham aytgan”, — dedi u.

Suv xo‘jaligi vaziri jurnalistlarning “BMTning transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish bo‘yicha konvensiyasi bor. O‘zbekiston buni ratifikatsiya qilgan. „Tolibon“ dunyo tan olmagan xalqaro siyosatning bir subekti bo‘lmagan bitta tuzilma hisoblanadi. Amudaryo suvidan foydalanish masalasi qonunchilikda qanday hal bo‘ladi?”, — degan savoliga quyidagicha javob berdi:

“Konvensiya bu masalani boshqara olmaydi. Konvensiyada ziyon yetkazmaslik, ziyon yetkazsa, javobgar bo‘lish va boshqalarning ham manfaatini ko‘zlab boshqarish haqida umumiy gaplar qayd etilgan. Ertaga Afg‘oniston BMT tomonidan tan olingan davlat bo‘lganda ham bu konvensiya bilan Qo‘shtepa kanali boshqarilmaydi. Bu borada, baribir, ikki tomonlama munosabatlar bo‘lishi kerak”.

Shavkat Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” bilan do‘stona muloqot qilinayotgani eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.