Farg‘ona viloyatida mushukni qafasga qamab, tiriklayin yoqib yuborgan va jarayonni tasvirga tushirgan uch nafar erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan BHMning 3 baravari miqdorida (990 000 so‘m) jarimaga tortildi. Bu haqda Hayvonlar huquqlarini himoya qilish jamiyati Farg‘ona viloyati IIBga tayanib xabar berdi.

Qayd etish kerakki, bu 111-moddaning 1-qismiga muvofiq eng kam miqdordagi jarima va moddaning ushbu bandi hayvonning o‘limini nazarda tutmaydi.

“Gazeta.uz” qarorga oydinlik kiritish uchun Oliy sud matbuot xizmatiga murojaat qildi. Matbuot kotibi Aziz Abidovning aytishicha, ish sudda ko‘rib chiqilmagan, jazo chorasi profilaktika inspektori tomonidan mustaqil ravishda belgilangan.

Farg‘ona viloyati IIB tomonidan 3 nafar huquqbuzarning o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgani haqidagi videolavha e’lon qilindi, ehtimol, bu ularga nisbatan eng kam miqdordagi jarima qo‘llashga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“„Mehr va oqibat“ jamiyati huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarga tezkorliklari uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi, biroq shaxslarning dahshatli harakatlari noto‘g‘ri baholangan, deb hisoblaydi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga ko‘ra, hayvonlarning o‘limiga yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lgan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”, — deyiladi hayvonlar huquqlarini himoya qilish jamiyati xabarida.

Bundan tashqari, jamiyat ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasiга muvofiq, 111-moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik jinoyat ishlari bo‘yicha sudning yurisdiksiyasiga tegishli ekanini ta’kidladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189−1-moddasida (Tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etish masalasi ham ko‘rib chiqilmagan.

Jamiyat rahbariyati Bosh prokuraturaga jazoni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqish talabi bilan ariza yuborganini ma’lum qildi.