Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Bekobod shahri bo‘limi boshlig‘i, davlat inspektori M.F. 19-iyun kuni xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida pichoqlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hozirda inspektorga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. U operatsiya qilinib, jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatiga ko‘ra, 36 yoshli M.F.ga nisbatan tan jarohati yetkazilgan holati yuzasidan Bekobod tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, 45 yoshli gumonlanuvchi U.X. protsessual tartibda ushlangan.

“Ma’lum bo‘lishicha, holatga shaxslarning o‘zaro kelishmovchiliklari sabab bo‘lgan. Janjal vaqtida fuqaro o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan tanishi M.F.ga qasddan tan jarohati yetkazgan”, — deyiladi IIBB axborotida.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.