O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi davomida — 19−23-iyun kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni kunduzi respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +36…+41 daraja, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda +42…+45 daraja atrofida bo‘ladi.

Kavkaz hududlaridan nisbatan biroz salqin havo kirib kelishi hisobiga seshanbadan issiq biroz pasayadi. Havo harorati ish haftasining oxirigacha +33…+38 daraja atrofida bo‘ladi. Respublikaning eng chekka janubida issiq havo massasining ta’siri saqlanib turadi. Harorat asosan +39…+41 daraja, Surxondaryo viloyatida hafta o‘rtasiga kelib, ba’zi joylarda +42…+44 darajagacha bo‘ladi.

20-iyunda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, kechasi va ertalab Toshkent viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Haftaning birinchi yarmida ob-havoning beqarorligi respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida saqlanib turadi — ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi. Dushanbaning ikkinchi yarmida va seshanbada ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli yog‘adi, do‘l yog‘ishi ehtimoldan xoli emas.

19 va 20-iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, 23-iyunda janubda va cho‘l hududlarda shamolning kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtda havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat kechasi va ertalab 20-iyunda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi.

Faqat dushanbaning ikkinchi yarmida shamol tezligi 12−17 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Havo harorati 19-iyunda +38…+40 daraja, keyinchalik ish haftasining oxirigacha +35…+37 daraja bo‘ladi.