Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz (INHQXM) Rossiyaning MTS mobil operatorining Turkmanistonga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni yakunladi.

INHQXM saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ish bo‘yicha qaror 14-iyun kuni qabul qilingan, ammo uning natijalari e’lon qilinmagan. Turkmaniston tomonini himoya qiluvchi Squire Patton Boggs yuridik firmasi 15-iyun kungi bayonotida Turkmaniston tomoni ishda g‘alaba qozonganini xabar qildi.

Squire Patton Boggs bayonotida aytilishicha, arbitraj sudi MTS`ning 2 milliard dollarlik da’vosini rad etgan. Bundan tashqari, uyali aloqa kompaniyasi Turkmanistonga 11 million dollardan ortiq sud xarajatlarini qoplab berishi belgilangan.

MTS 2017-yil sentabrida “Turkmentelekom” davlat telekommunikatsiya kompaniyasi operatorning chastotalardan foydalanish ruxsatnomalari va ijara shartnomalarini yangilashdan bosh tortganidan keyin Turkmaniston bozoridan majburiy ravishda chiqib ketgani haqida e’lon qilgan edi.

2018-yilda MTC Turkmaniston ustidan da’vo bilan INHQXMga murojaat qilgan. Operator mamlakat hukumati uning Rossiya hukumati bilan kelishuvda mustahkamlangan xorijiy investor sifatidagi huquqlarini buzganini qayd etgan. Kompaniya o‘z yo‘qotishlarini 750 million dollarga baholagan. 2019-yilda operator o‘zining moliyaviy da’volari miqdorini ikki baravar oshirib, 1,5 milliard dollarga yetkazgani ma’lum bo‘ldi. Da’vo miqdori Squire Patton Boggs bayonotida ko‘rsatilganidek qachon 2 milliard dollarga oshgani noma’lum.

Squire Patton Boggs`ning ma’lumotlariga ko‘ra, INHQXM “MTS`ning barcha da’volarini bir ovozdan rad etgan” va operatorda Turkmanistonda shartnoma uzaytirilishini kutishga “huquq va qonuniy asoslar bo‘lmagan” degan qarorga kelgan. Shuningdek, arbitraj “Turkmaniston MTS faoliyatiga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etmagan” deb topgan.