18-iyun, yakshanba kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida yuk tashuvchi liftning nosozlik tufayli tezlashib ketishi oqibatida 11 kishi jabrlangani haqida xabar berilgan edi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, holat Yangihayot tumani, “Yangi Darxon” MFY, 17-sonli ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan. Ushbu binoning qurilishi “LAND HOUSE” MCHJ tomonidan 2022-yilning mart oyida boshlanib, 2023-yilning may oyida foydalanishga topshirilgan. Mazkur binoda jami 3 ta lift bo‘lgan. Shundan, 2 tasi aholi uchun, 1 tasi yuk tashish uchun mo‘ljallangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu ko‘p qavatli uy 2023-yil may oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, ammo aholiga mo‘ljallangan 2 ta lift nosoz holdaligi bois fuqarolar yuk tashuvchi liftdan foydalanib kelishgan.

18-iyun kuni liftga belgilangan vazndan ko‘p miqdorda, ya’ni 1 tonnadan oshiq, 13 nafar fuqaro 16-qavatdan mingan. Ular 1-qavatga tushayotganida liftning tushish tezligi 10-qavatga kelganda tezlashib ketgan. Natijada, texnik sabablarga ko‘ra, lift boshqaruvi yo‘qolgan va uning ichida bo‘lgan jami 13 nafar odamning hayoti xavf ostida qolgan. Ularning ikki nafari yosh bola bo‘lgan.

Fuqarolar Respbulika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining travmatologiya bo‘limiga olib borilgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 6 nafariga oyoq sinish tashxisi qo‘yilib, reabilitatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 7 nafari esa ahvoli qoniqarli bo‘lganligi sababli uyiga ruxsat berilgan.

Qayd etilishicha, hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmokda.