2023-yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda ayol o‘z bolalarini qiynayotgani aks etgan video tarqalib, foydalanuvchilar e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirib, holat Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Andoqsoy qishlog‘ida sodir bo‘lganini ta’kidlagandi.

Viloyat IIBga ko‘ra, 2000-yilda tug‘ilgan X.U. Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan eri o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida jaxl ustida, bolasini qiynab, tasvirga olib turmush o‘rtog‘iga yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudida mazkur holat ko‘rib chiqildi. Sud majlisida sudlanuvchi X.U. bu ishni farzandlariga azob berish uchun emas, balki eridan o‘ch olish maqsadida qilganini ta’kidladi.

“Men aybimga iqrorman, qilgan ishimdan pushaymonman. Bu ishni bolalarimga azob berish niyatida emas, erimni qo‘rqitish maqsadida qilganman. Shu videoni ko‘rsa, unday gaplarni gapirmaydi, to‘g‘ri yo‘lga o‘tadi, degan maqsadda videoga olganman. Erim Rossiyadan kelsa, oilamni tiklamoqchiman. Suddan menga yegillik berishini so‘rayman”, — dedi ayol.

Bolalarning qonuniy vakili bo‘lgan buvisi esa nabiralarini o‘zining tarbiyasiga olib berishlarini so‘radi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayol Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga ushbu modda bilan BHMning (300 ming so‘m) 25 baravari miqdorida, ya’ni 7 500 000 so‘m jarima jazosi undirilishi belgilandi.