O‘zbekiston Ekologik partiyasidan mamlakat prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzayevning Surxondaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

Unda nomzod ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ularni bartaraf etishda davlat va jamoatchilik ishtiroki hamda nazorati samaradorligini oshirish taklifini bildirdi.

“2030-yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotish, chetdan olib kirishni taqiqlash tarafdorimiz”, — dedi u uchrashuv chog‘ida.

Nomzod, shuningdek, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish tarafdori ekanini ham ta’kidladi.

Uning qayt eishicha, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ishlab chiqiladi. Shaharlar Bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi, yangi turar joylar qurilishida “yashil zonalar” aholining soniga mutanosib ravishda bo‘lishi zarurligi talabi qonunchilikda belgilanadi.

“2030-yildan boshlab 2009-yildan keyin tug‘ilganlarga yoshidan qat’i nazar sigaret sotishni taqiqlash tarafdorimiz”, — dedi Xamzayev saylovchilar bilan uchrashuvda.

Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturi bilan batafsil ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.