O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA. Agentlik mazkur qarorni “uzoq kutilgan” deb atadi.

Qarorga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan yangi yengil avtotransport vositalari uchun (TN TIF kodi 8703 21 10, 8703 22 10 va 8703 31 10) 2026-yil 1-yanvarga qadar quyidagi bojxona boji stavkalari belgilanmoqda:

  • 1000 sm kubgacha — 0 foiz (amalda — 15 foiz + 0,4 AQSh doll/kub sm);
  • 1000−1 200 sm kub — 5 foiz (amalda — 15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm).

Natijada dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarining jami miqdori amaldagi 39−43 foizdan 19−23 foizgacha, dvigatel hajmi 1000−1200 sm kub bo‘lgan avtomobillar uchun esa 44−52 foizdan 30−36 foizgacha kamayadi.