2023-yilda past va o‘rta daromadli mamlakatlarga pul o‘tkazmalari 1,4 foizga qisqarib, 656 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. Bu haqda Jahon bankining (JB) yangi prognozida aytiladi.

Ushbu holat pul yuborilayotgan mamlakatlardagi iqtisodiy faollikning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lib, tahlilchilarning fikricha, bu ish haqi va migrantlarning bandligi o‘sishini cheklaydi.

Barcha hududlarda, ayniqsa Yevropa va Markaziy Osiyoda (1%) va Janubiy Osiyoda (0,3%) sekinlashuv kutilmoqda. “Yevropa va Markaziy Osiyoda yuqori baza effekti hamda rublning AQSh dollariga nisbatan zaiflashishi tufayli pul o‘tkazmalarining o‘sishi sekinlashmoqda”, — deyiladi prognozda.

2022-yilda o‘sish sur’atlari sezilarli darajada yuqori bo‘ldi, bu toifadagi mamlakatlarga pul o‘tkazmalari oqimi 8 foizga oshib, 647 mlrd dollarga yetdi. Ko‘rfaz mamlakatlarida neft narxining yuqoriligi, Rossiyadan Markaziy Osiyoga katta miqdordagi mablag‘ o‘tkazmalari va AQShning kuchli mehnat bozori muhim pul o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatladi.

Mintaqalar bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyoga pul o‘tkazmalari oqimi o‘tgan yili rekord darajaga yetdi va 19 foizga o‘sib, 79 mlrd dollarni tashkil qildi. Ushbu o‘tkazmalarning asosiy qismi Rossiyadan jo‘natilgan va Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi o‘sishga ta’sir qilmadi, deya ta’kidlaydi JB.

Armaniston, Gruziya va O‘zbekistonda ham Rossiyadan pul o‘tkazmalari oqimi oltin zahiralari hamda xorijiy sarmoyalarning ko‘payishiga olib keldi.