Toshkentda ikkilamchi ko‘chmas mulk uchun o‘rtacha narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshdi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) sharhida.

Ikkilamchi bozor

May oyida butun mamlakatda ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘sish sur’ati tezlashgan. Agar aprel oyida 1 kvadrat metr uchun uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi 1,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, may oyida ikkilamchi uy-joy narxi 2,5 foizga oshgan.

Ijara narxlari

Oy davomida Toshkent shahrida kvartiralarni ijaraga olish narxi 0,9 foizga oshgan. Tumanlar kesimida ijaraning 1 kvadrat metri uchun eng yuqori narxlari poytaxtning Shayxontohur (11,5 dollar), Yakkasaroy (11,3 dollar) va Mirobod (11,8 dollar) tumanlarida qayd etilgan.

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi 8,0 foizga qimmatlagan. Yil boshidan beri esa o‘rtacha ijara narxi 12,1 foizga kamaygan.

Bozordagi sotuvlar soni

Oy davomida uy-joy bozorida faol o‘sish kuzatilgan, sotuvlar 26,6 foizga ko‘paygan. Agar aprel oyida oldi-sotdi bitimlari soni 20,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, may oyidagi bitimlar soni 25 mingdan oshgan.

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan bitimlar soni 28,5 foizga oshgan.