15-iyun kuni Uzbekistan Airways Chexiyaning LET Aircraft Industries konserni bilan LET L-410-E20 yengil turbovintli samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya xabar qildi aviakompaniya matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, ushbu samolyotlardan kichik guruh yo‘lovchilarini tashish uchun ichki yo‘nalishlarda reyslar sonini ko‘paytirish, shuningdek, respublikada ichki turizmni rivojlantirish maqsadida xarid qilinmoqda.

let l-410, uzbekistan airways

O‘zbekiston aviatashuvchisi ushbu turdagi to‘rttagacha samolyot sotib olishni rejalashtirmoqda.

Ular o‘ta qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklarida qo‘llanilishi mumkin va O‘zbekiston ichidagi yo‘nalishlar tarmog‘ini, jumladan, Zarafshon, Shahrisabz va Andijon kabi shaharlarga kengaytirishi kutilmoqda.

LET L-410 samolyoti uzunligi 510 metrdan boshlanadigan qariyb barcha turdagi uchish-qo‘nish yo‘laklariga qo‘ngan holda 19 nafargacha yo‘lovchini tashish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, ular 1500 km gacha bo‘lgan parvozni ta’minlay oladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkentda Chexiya bosh vaziri Petr Fiala va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘rtasidagi muzokaralarda chex kompaniyasining O‘zbekistonga L-410 samolyotlarini sotishdan manfaatdorligi muhokama qilingan edi.