O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Intermed Innovation xususiy klinikasi litsenziyasini sud orqali bekor qilishga erishganini ma’lum qilgandi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, muassasa Chirchiq shahridagi 3-oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat bilan shug‘ullangan, shuningdek, boshqarma ko‘rsatmalariga amal qilmagan.

Shundan so‘ng, Intermed Innovation kompaniyasi tibbiy faoliyatni yuritish bo‘yicha litsenziyasining bekor qilinishi yuzasidan izoh berib, Sog‘liqni saqlash vazirligining ayblovlarini asossiz, litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sud jarayonini esa noqonuniy deb atagandi. Tibbiyot muassasasi SSV rahbari o‘rinbosarining “noxolis xatti-harakati”ni manfaatlar to‘qnashuvi bilan izohlash mumkinligini taxmin qilayotganini bayon etgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Intermed Innovation kompaniyasining 2023-yil 12-iyun kuni “Gazeta.uz”da e’lon qilingan bayonotiga nisbatan munosabat bildirdi. Vazirlik “materialda keltirib o‘tilgan barcha vajlarga Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining sud majlisida huquqiy baho berilgani hamda sud qarorida bu haqda aniq to‘xtam hamda yechimlar aks ettirilganini ma’lum qilishini” bayon etgan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi autsorsing yoki davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlaridan tibbiy xizmatlarni sotib olish yoxud tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun shartnomaviy munosabatlarga kirishishda bu bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lish yoyinki litsenziya olish talabini shartnomaning alohida sharti sifatida ko‘rsatadi”, — deyiladi SSV bayonotida.

Ta’kidlanishicha, Intermed Innovation MCHJ va vazirlik o‘rtasida 2020-yil 10-fevralda tuzilgan №1−33K-sonli “Toshkent shahrida markazlashtirilgan klinik-diagnostik laboratoriya tashkil etish, jihozlar bilan ta’minlash va faoliyatini yuritish haqida”gi konsessiya shartnomasining (118−120-varaqlari) 12-ilovasida keltirilgan “Uch tomonlama operatorlik kelishuvining asosiy shartlari” hujjatining 3-bandida “Operatsion kompaniya uchun qo‘yilgan asosiy talablardan biri barcha zarur bo‘lgan litsenziyalarni olish” ekani belgilab qo‘yilgan.

“Demak, Intermed Innovation MCHJ tibbiy faoliyat manzillari va ularda joriy qilingan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha litsenziya olmasdan yoki litsenziyasiga o‘zgartirish kiritmasdan Konsessiya shartnomasi yoxud davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, MCHJ Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabarnoma, e’tiroz, shikoyat shakllarida bir necha marta murojaat qilib, yangi faoliyat manzillari uchun litsenziya talab-shartlari bo‘yicha ekspertlik o‘rganish jarayonlaridan o‘tmasligini, faoliyat manzillarida litsenziyalanadigan faoliyat uchun sharoit yaratilgani haqidagi ma’lumotlarni taqdim etmasligini bildirgan. MCHJga muqaddam berilgan litsenziyaga u tomonidan ochilgan filiallar manzillari va ixtisosliklarni kiritib, litsenziyani qayta rasmiylashtirishni so‘ragan.

Vazirlikka ko‘ra, avval asosiy faoliyat manzili uchun berilgan litsenziyaga o‘zgartirish kiritish yoki qayta rasmiylashtirish uchun Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi orqali ariza berish talab qilinadi.

“Intermed Innovation MCHJning murojaatida ko‘tarilgan masala — filiallarda xizmatlarni tibbiy faoliyat uchun tegishli litsenziya olmasdan yoki mavjud litsenziyaga o‘zgartirish kiritmasdan amalga oshirish haqidagi so‘roviga rad javobi berilgan. Chunki tibbiy faoliyat uchun litsenziya olish jarayoni faoliyatni amalga oshirish joyiga nisbatan qat’iy litsenziya talab va shartlarini o‘z ichiga oladi”, — deyiladi SSV munosabatida.

Vazirlik axborot xizmatining eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona Nizom”ning 38-bandiga ko‘ra, litsenziyalar litsenziatning arizasiga asosan, mas’ul organ tomonidan quyidagi hollarda o‘zgartirilishi mumkin:

  • litsenziya asosida amalga oshirayotgan faoliyatini litsenziyalanadigan faoliyat turining boshqa kichik turi bilan kengaytirishda;
  • litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan filiallar va vakolatxonalarning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishida;
  • yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlik subyektining faoliyatni amalga oshirish joyi o‘zgarganda.

Qayd etilishicha, ushbu bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan asoslar litsenziat faoliyatini amalga oshirish joyiga nisbatan litsenziya talablari va shartlari pasportlarning 9-bandida belgilangan taqdirda litsenziyani o‘zgartirish tartibida ariza taqdim etiladi.

Vazirlik axborotida ta’kidlanishicha, tibbiy faoliyat pasportining 9-bandida tibbiy faoliyatini amalga oshirish joyiga nisbatan litsenziya talablari va shartlari belgilangan. Litsenziya olish yoki litsenziyaga o‘zgartirish jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan tibbiy faoliyat joyi (bino va xonalari), moddiy-texnik bazasi, tibbiy texnika va tibbiy jihozlari, tibbiy xodimlari o‘rganiladi, ekspertiza o‘tkaziladi hamda boshqa kelishiladigan organlar tomonidan tegishli kelishuvni yoki xulosani taqdim etish uchun obyektlarning joyiga chiqib o‘rganish o‘tkaziladi.

Nizomning 18-bandiga ko‘ra, kelishiladigan organlar tomonidan tegishli kelishuvni yoki xulosani taqdim etish uchun obyektlarni joyiga chiqib o‘rganishi uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi va kelishiladigan organlarga tegishli sharoitlarni yaratib berishi kerak.

“Shu sababli, Intermed Innovation MCHJning mulkchilik asosida yoki boshqa mulkiy huquqlar bo‘yicha tegishli bo‘lgan, sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlarga mos bo‘lgan litsenziyalangan faoliyat turini amalga oshirishga mo‘ljallangan xonalar mavjudligi haqidagi litsenziya talab va shartlariga nisbatan e’tiroz bildirib, ushbu shart Konsessiya shartnomasi bilan qamrab olinishi sababli unga qo‘llanilmasligi lozimligini bildirgan vajlari huquqiy asosga ega emas”, — deyiladi axborotda.

“Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi MCHJni ogohlantirmasdan va qaror qabul qilmasdan, operatorning 2026-yil 18-fevralga qadar amal qiluvchi № 043023-sonli litsenziyasini to‘liq mahrum qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritgani haqida vaj keltirilgan. Javobgarning ushbu e’tirozi ham hech qanday asosga ega emas va haqiqatdan mutlaqo yiroq”, — deya qayd etilgan SSV munosabatida.

Ma’lum bo‘lishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlatga tegishli bo‘lgan oilaviy hamda ko‘p tarmoqli poliklinikalarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun amaldagi litsenziyasiga o‘zgartirish kiritish lozimligi yuzasidan Intermed Innovation MCHJ va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga 2022-yil 24-martda 33−0309/8060-sonli, 2002-yil 12-aprelda 33−09563-sonli, 2022-yil 26-aprelda 33−11230-sonli va 2022-yil 23-avgustda 33−25109-sonli ogohlantirish xatlari yuborilgan.

Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, sudga ariza kiritilgunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida Intermed Innovation MCHJ tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, “Sharq” MFY hududida joylashgan 3-sonli oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat olib borilganli uchun MCHJga moliyaviy jarima belgilagan va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalardan iborat qaror qabul qilgan.

Mazkur hujjat ijro etish uchun Intermed Innovation MCHJga yuborilgan. O‘z navbatida MCHJ bu qaror talablarini bajarmasligini ma’lum qilgan hamda Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga vazirlikning 33−05606-sonli va 11−05808-sonli qarorlarini bekor qilish va qonunga xilof deb topish to‘g‘risida ariza kiritgan. Toshkent tumanlararo sudining 2023-yil 20-apreldagi ajrimi bilan arizachi Intermed Innovation MCHJning arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish yuritishdan tugatilgan va arizachining talablari qanoatlantirilmagan.

“Bularning barchasi Intermed Innovation MCHJ qabul qilingan qarorlar haqida nafaqat to‘liq xabardor, balki mavjud kamchiliklarni sudga qadar bartaraf qilish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘lgani hamda ogohlantirilganini so‘zsiz isbotlaydi”, — deyiladi SSV axborotida.

Vazirlikka ko‘ra, Intermed Innovation o‘z bayonotida “qo‘llangan jarima laboratoriya standartlari yoki tahlil olish tibbiy protokollar buzilgani uchun emas, Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 3-oilaviy poliklinikaning manzili litsenziyaga ilova qilinmagani uchun belgilangan”ini qayd etgan. Aslida esa bu poliklinika manzili 2021-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 24-sentabrdagi buyrug‘i, Konsessiya shartnomasi va operatorlik bitimi bilan loyihaga biriktirilgan hamda unda ishlashga ruxsat berilgan.

SSV Intermed Innovation MJCHning “Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov DXSH loyihasi bo‘yicha ruxsatnomalar mavjudligidan bexabar bo‘lishi mumkin emas, chunki poliklinikalarda tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlar 2021-yilda, to‘g‘ridan to‘g‘ri laboratoriya faoliyati esa 2022-yilning fevralida boshlangan bo‘lsa-da, davlat poliklinikalarida faoliyatni olib borishga hech qanday e’tiroz yoki taqiqlovchi hujjat operatorga kelmagan” degan vajlarini ham asosga ega emas, deb topgan.

Ta’kidlanishicha, prezidentning 2019-yil 16-apreldagi PQ-4290-sonli “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandida “Davlat-xususiy sheriklik shartlaridagi tibbiy faoliyat xususiy sherik tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan litsenziya asosida amalga oshirilishi” belgilangan. Shuningdek, ushbu Nizomning 45-bandiga ko‘ra, Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim asosiy shart sifatida tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini o‘z ichiga olishi lozim.

“Konsessiya shartnomasining ijrosini ta’minlash va tibbiy faoliyatni tashkil etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining 2022-yil 7-yanvardagi 2-sonli buyrug‘i bilan Intermed Innovation MCHJga Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida joylashgan poliklinikalar biriktirib berilgan. Biroq bu litsenziyasiz tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini bermaydi. Aksincha litsenziya olish uchun tibbiy faoliyat joyiga nisbatan shartnomalarni rasmiylashtirish, ajratilgan xonalarni tibbiy jihozlar bilan ta’minlash kabi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qonuniy talablarni bajarishga yo‘l ochadi”, — deya qayd etgan vazirlik.

Ta’kidlanishicha, Intermed Innovation MCHJga yuqoridagi buyruq bilan Chirchiq shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinika biriktirilgan bo‘lsa-da, jamiyat ushbu tibbiyot muassasasi joylashgan manzilda litsenziya rasmiylashtirmasdan tibbiy faoliyatni boshlab yuborgan. Mazkur holat bemorlardan birining e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 4-maydagi hal qiluv qarori bilan Intermed Innovation MCHJga 2021-yil 18-fevral kuni vazirlik tomonidan berilgan 043023-sonli litsenziya bekor qilingan hamda 90 million so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

“Qolaversa, bu qarordan norozi bo‘lgan javobgarning Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga kiritgan apellyatsiya shikoyati rad etilib, avvalgi sud hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda 2023-yil 31-may kunidan qonuniy kuchga kirgan”, — deyiladi SSV bayonotida.

Aytilishicha, hukumatning 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizomning 51-bandiga asosan, vazirlikning tibbiy faoliyatga berilgan litsenziyani bekor qilish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgani to‘g‘risidagi ma’lumot “Litsenziya” axborot tizimi orqali litsenziatga yetkazilgan.

“O‘z o‘rnida Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent tumanlararo sudi va Toshkent shahar sudi tomonidan qabul qilingan qarorlarni qonuniy va adolatli, deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, javobgar Intermed Innovation MCHJ sud qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi sud instansiyalariga tegishli tartibda murojaat qilishi mumkinligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi vazirlik axborotida.

SSVning eslatishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Қонuнning 4-moddasida belgilangan prinsiplarga, xususan, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini saqlashning, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligiga amal qilgan holda litsenziya talablariga to‘liq muvofiqlik ta’minlangan holatdagina litsenziya berish haqida qaror qabul qiladi.

“Litsenziya olmasdan litsenziyalanadigan faoliyat bilan shug‘ullanish qonunchilik hujjatlarida belgilangan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishiga, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi”, — deyiladi SSV bayonotida.

Shuningdek, vazirlik soha bo‘yicha investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi, ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar bo‘yicha amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatishi, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini saqlashni, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligini ta’minlagan holda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan tibbiy faoliyat bo‘yicha litsenziyasiz xizmat ko‘rsatishga ruxsat etilmasligi, litsenziya olish jarayonida konsultativ yordam ko‘rasatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.