Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda Markaziy Osiyo davlatlaridan eng kamida 93 kishi: Qirg‘izistondan 19 nafar, O‘zbekistondan 34 nafar va Tojikistondan 40 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bunday raqamlar BBC rus xizmatining “Kushxonadagi qullar kabi. Markaziy osiyolik migrantlar Baxmut ostonasiga qanday kelib qoldi?” surishtiruvchida keltirilgan.

“Ba’zida halok bo‘lgan yollanma askarlarning oilalari ularning jasadlarini Rossiyadan uylariga olib ketishga muvaffaq bo‘lishadi”, deyiladi matnda.

BBC materiali urushga Rossiya qamoqxonalaridan kelgan va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan mehnat muhojirlariga bag‘ishlangan. Unda bir necha qirg‘iz oilalari haqida hikoya qilinadi, ularning erkaklari turli jinoyatlar uchun Rossiyada sudlanib, qamoqxonalardan Ukrainaga borgan va vafot etgan.

Sudlarda migrantlarni himoya qiluvchi advokat Mirlan Akilbekovning aytishicha, 2022-yilning yozida u bilan aloqada bo‘lgan vatandoshlaridan “Vagner” XHK ozodlikdan mahrum etish joylarida urushga askar yollanayotganini bilgan.

“Avvaliga ulardan faqat qat’iyat bilan so‘rashgan”, deydi u. — Muddatidan oldin ozodlikka chiqishingiz, amnistiya olishingiz mumkin bo‘lgan shartlar bor ekan. Va ular biz bilan maslahatlashishdi. Ammo 28-sentabrdan keyin ular ixtiyoriy-majburiy asosda [XHKga] yozila boshlandi. oktabr oyi boshida mijozimiz qo‘ng‘iroq qildi (u kredit karta topib olib, do‘konga borgan va u bilan oziq-ovqat sotib olgan, shu aybi uchun o‘g‘irlikda ayblanib, 4 yilga hukm qilingan). U [qamoqxonadan] qo‘ng‘iroq qilib, [yollovchilar kelganida] mahbuslar ajratilgani — barcha chetdan yelganlar — qirg‘izlar, o‘zbeklar, tojiklar ajratishgan, ularni alohida binoga joylashtirishgan va [shartnomaga] imzo qo‘yishni talab qilishgan. Argumentlari esa quyidagicha bo‘lgan: “Mana, siz bu yerda bepul ovqatlanyapsiz, buni esa oqlashingiz kerak”. Qanday qilib oqlash mumkin? [Urushga] borishingiz kerak, qaytib kelgach, amnistiya qilamiz, ozod bo‘lasiz".

2022-yil oktabr oyida “Gazeta.uz” ham Rossiyada ishlayotgan va qamoqxonalarida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qanday qilib Ukraina bilan urushga jo‘natilayotgani haqida yozgan edi. O‘sha paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni 10 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada safarbarlik muammosiga duch kelgan.

Joriy yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida yashovchi, Rossiyada qamoq muddatini o‘tagan fuqaro Ukrainada vafot etgani haqida xabar bergan edi. U RF tomonidan bosib olingan hududlarda qurilish ishlariga jo‘natilgan, u turgan joyga snaryad tushgan.

Yana bir O‘zbekiston fuqarosining Ukrainada vafot etgani yaqinda, may oyida ma’lum bo‘ldi. Uni Rossiya qamoqxonasidan “safarbar qilishgan”. Onasining aytishicha, u urushga borishni istamagan, lekin majbur qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda yollanish va harbiy xizmatni o‘tash jinoyat hisoblanadi.