Toshkent shahridagi Chorsu va Eski juva dehqon bozorlari hududi tartibga keltirilib, turistik jozibadorligi oshiriladi. Bu haqda prezidentning Shayxontohur tumanini rivojlantirishga oid qarorida so‘z borgan.

Hujjatga ko‘ra, bozor hududidagi tartibsiz qurilmalar o‘rniga loyiha asosida zamonaviy savdo rastalari joylashtiriladi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklarini qurish va irrigatsiya tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bo‘sh turgan bino-inshootlarni milliy arxitektura ishlanmalarini aks ettirgan loyihalar asosida rekonstruksiya qilish, yer maydonlarida yangi savdo rastalarini qurish rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish muddati etib 2023-yil dekabr oyi ko‘rsatilgan. Ishlarning qiymati loyiha-smeta hujjatlariga asosan belgilanishi, moliyalashtirish manbai bank kreditlari va bozorlarning mablag‘lari ekani qayd etilgan.

2022-yilning may oyida Madaniy meros agentligi Chorsu bozoridagi markaziy gumbazga hamohang tarzda qurilgan 7 ta kichik gumbaz davlat muhofazasiga olinganini ma’lum qilgandi. Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyevning so‘zlariga ko‘ra, gumbazlar Toshkentning yuzi hisoblanadi. Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimovning fikricha, Eski juva makonini arxeologik yodgorlik sifatida saqlab qolish kerak. Agentlik Chorsu bozorini Eski shaharning tarixiy hududi sifatida ro‘yxatga olishni rejalashtirayotganini bildirgan.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston bozorlari unikalligi va o‘ziga xos muhitini saqlab qolgan holda zamonaviylashtirilsa, jahon bozorida raqobatlasha oladigan bozorlarga aylanishi mumkinligi haqidagi Atlas konsalting kompaniyasi tadqiqotini e’lon qilgandi.

Unda Toshkent shahrida 66 ta bozor mavjudligi, 4 ta mashhur bozor (Chorsu, Oloy, Mirobod va Yangiobod) eng katta sayyohlik salohiyatiga ega ekani qayd etilgan.

Tadqiqot bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.