O‘zbekistonda kuzatilayotgan keskin issiq ob-havo sababli poyezdlar harakati tezligiga cheklovlar joriy etiladi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, harorat ko‘tarilishi oqibatida yer usti temir yo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘ladi. Shu bois, yo‘lovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi.

“️Harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilgan poyezdlar sovitish tizimining ishlash quvvati ham pasayishi mumkin. Kompaniya o‘z mijozlaridan anomal issiqlik tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq havo isishi sababli Toshkent metropolitenining yerusti yo‘nalishlarida ham harakat tezligi pasaytirilishi ma’lum qilingandi. Relslar harorati +60 daraja bo‘lganda, tezlik 40 km/soatdan, +65 darajada 25 km/soatdan oshmaydi.

O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, bu yilgi iyun oyida harorat me’yordan 2−3 daraja issiqroq bo‘ladi. Oyningikkinchi besh kunligidagi +37…+40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +40…+43 darajagacha ko‘tarilgan harorat ikkinchi o‘n kunlik boshigacha saqlanib turadi.