Turkiyada 13 davlatning 40 dan ortiq jamoalari ishtirokida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or mergan” musobaqasida Mudofaa vazirligining merganlar jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi,deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Isparta shahridagi “Komando” tog‘ o‘quv mashqlar markazida o‘tkazigan musobaqada Ispaniya, Pokiston, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari singari o‘ndan ortiq davlat vakillari ishtirok etgan.

Musobaqa ishtirokchilari 5 ta guruhga bo‘linib, bir-biridan murakkab 14 ta shart bo‘yicha bahs olib borgan. Xususan, uzoq masofadan nishonlarni izlab topish va yakson qilish shartida merganlar 2 ming metr masofada joylashgan shartli dushman guruhi orasidan asosiy nishonni aniqlab topishi va birinchi urinishda uni yakson etishi lozim bo‘lgan. Habiylar nishonni muddatidan oldin yo‘q qilgan.

Qayiqdan va minoralardan o‘q otib orolni himoya qilish, vertolyot va yerdan jang olib borib, yaradorni evakuatsiya qilish, harakatlanuvchi nishonlarni pistoletda yakson etish, tungi vaqtda magnit azimuti bo‘yicha harakatlanish kabi qator shartlar ham real jang vaziyatiga yaqinlashtirilgan holda olib borilgan.

O‘zbekistonlik harbiylar, ayniqsa, tog‘ tepasidan qiyalikka qarab jang olib borish, zararlangan hududda gazniqob taqib, nishonlarni mo‘ljalga olish shartlarida barcha jamoalarni ortda qoldirib, rekord natijalarni qayd etgan.

Qariyib 10 kun davom etgan bellashuvlarda xorijiy davlat armiyalarining 42 ta jamoasi ichida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shohsupaning birinchi va uchinchi o‘rinlari mezbon davlat vakillariga nasib etgan.

“Bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etish harbiylarimizning jangovar tayyorgarligini oshirish, bilim va tajriba almashishda muhim o‘rin tutadi”, — deyiladi xabarda.