Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ikkinchi kunida Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat respublika yalpi ichki mahsulotining 22 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Attilio Fontanani gubernator etib qayta saylangani bilan tabrikladi va ushbu lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi. 2022-yilda O‘zbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshgani, aprel oyida Milan va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklangani qayd etildi.

иtaлия, Lombardiya, шавкат мирзиёев, Attilio Fontana

Ta’kidlanishicha, hududning Pietro Fiorentini, Terranova, Danieli, Fin. Opera kabi yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston prezidenti qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiya va bilimlarini O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini ta’kidladi.

Lombardiya bilan keng hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash, Samarqandda qo‘shma investitsiya forumini o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

иtaлия, Lombardiya, шавкат мирзиёев, Attilio Fontana

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun qulay sharoitlar yaratish, tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shu jumladan, Madaniyat kunlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Gubernator mamlakat hududlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikka ko‘maklashishga tayyorligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida davlat rahbari Attilio Fontanaga 2026-yilda Lombardiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda muvaffaqiyat tiladi.

иtaлия, Lombardiya, шавкат мирзиёев, Attilio Fontana

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Italiya prezidenti Serjo Mattarella Rimdagi muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik, gumanitar aloqalarni rivojlantirish, Afg‘onistondagi vaziyat va boshqa masalalarni muhokama qilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti va Italiya Vazirlar Kengashi raisi Rimda Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya va mamlakatlar o‘rtasida 11 ta hujjat imzolangan.