O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rimdagi Kiji saroyida Italiya Vazirlar kengashi raisi Jorja Meloni bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

жоржа мелони, иtaлияShavkat Mirziyoyev Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashganini qayd etdi.

O‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari O‘zbekiston-Italiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishi bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni munosabatlarni ustuvor yo‘nalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta’kidlandi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Madaniyat, italyan tilini o‘rganish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda “Italiya — Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.

жоржа мелони, иtaлияAfg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni, shu jumladan Termizdagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Imzolangan hujjatlar

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti va Italiya Vazirlar Kengashi raisi ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya qabul qildilar.

Ikki davlat rahbarlari ishtirokida, shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 11 ta hujjat almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Huquqiy masalalar, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikka oid bitimlar shular jumlasidandir.

жоржа мелони, иtaлия

Shuningdek, O‘zbekiston Madaniy meros agentligi bilan Italiya Restavratsiya bo‘yicha savdo agentligi, O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Italiya Madaniyat vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023−2024-yillardagi hamkorlik hamda 2026-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan madaniy almashinuv dasturlari imzolandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti Serjio Mattarella bilan muzokara o‘tkazgan edi.

O‘zbekiston prezidenti tashrifi arafasida ikki davlat biznes-forumida umumiy qiymati 9 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan sarmoyaviy bitimlar va savdo shartnomalari to‘plami imzolandi.

9-iyun kuni O‘zbekiston prezidentining Milanga safari belgilangan.