7-iyun kuni Toshkent shahrida konditsionerni yoqmasdan harakatlanib, yo‘lovchilar e’tiroziga sabab bo‘lgan avtobus haydovchisi jazolandi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

O‘sha kuni soat 10:12 atrofida 12-Avtobus saroyi filiali tasarrufidagi 59-sonli yo‘nalish haydovchisi Olim Zokirov boshqaruvidagi avtobusning sovutish tizimi (konditsioner)ni yoqmagan holda harakatlangan. “Sergeli 7-mavze” bekatida yo‘lovchilar e’tirozidan so‘ng konditsionerni yoqqan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobusdagi yosh bola issiqdan ko‘ngli aynib, qayt qilib yuborgani, yo‘lovchilar urishib berishganidan so‘ng konditsioner yoqilgani aytilgan.

Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” hamda 12-Avtobus saroyi filiali mas’ul xodimlari yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘lgan haydovchi bilan tushintirish ishlari olib borgan. Haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, korxona ichki tartib qoidasiga binoan, haydovchilar avtobus salonida sovutish tizimini soat 8:00 dan 19:00 ga qadar yoqgan holda harakatlanishlari belgilangan.

“Toshshahartransxizmat” yo‘lovchilardan yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda 1062 ishonch raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.