Qozog‘iston, Armaniston va Gonkong banklari Rossiyadan serverlar, mikrosxemalar, protsessorlar, telekommunikatsiya uskunalari va boshqa elektronikalar uchun to‘lovlarni bloklashni boshladi. Bu haqda “Kommersant” o‘zining elektronika bozoridagi manbalariga tayanib xabar berdi.

So‘nggi ikki hafta ichida Qozog‘iston, Armaniston va Gonkong banklari Rossiya yuridik shaxslarining tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 8542 kodi bo‘yicha to‘lovlarni bloklash holatlariga ko‘proq duch kela boshlagan. Bu tovarlar guruhi protsessorlar, mikrosxemalar va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Nashr bilan suhbatlashganlardan biri bu Rossiya bilan hamkorlik qiluvchi banklarga xavf tug‘diradigan AQSh sanksiyalarining o‘ninchi paketi joriy etilishi bilan bog‘liq ekanini aytgan.

Buning natijasida rus kompaniyalari kompyuterlar, serverlar, ma’lumotlarni saqlash tizimlari va boshqa uskunalarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan komponentlarni muqobil kodlar bilan import qilishga majbur bo‘lmoqda. Optimalog logistika kompaniyasi bosh direktori Georgiy Vlastopuloning ta’kidlashicha, Qozog‘iston banklari ham sanksiya ostidagi mahsulotlar, jumladan, elektronika bo‘yicha tranzaksiyalar ustidan nazoratni kuchaytirgan.

“To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchi mamlakatdan butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar, kompyuterlar va hokazolarni sotib olish mumkin emas, uchinchi davlatlar orqali sotib olish esa borgan sari qiyinlashib bormoqda. Shuning uchun olti oy yoki bir yil ichida biz sanksiya ostidagi mahsulotlar tanqisligiga duch kelishimiz mumkin”, — degan u.

Avvalroq “Kommerant” Qozog‘iston hukumati Rossiyaga elektronika yetkazib berish ustidan nazoratni kuchaytirgani sabab distribyutorlar import mamlakatlarini Xitoy, Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklariga o‘zgartira boshlaganini xabar qilgandi. Logistika kompaniyalari buning oqibatida yakuniy mahsulot tannarxi 10−12 foizga oshishini qayd etgan. Qozog‘istonda nazoratning kuchayishi, shuningdek, Rossiyaning O‘zbekistondan maishiy texnika import qilishini ham qiyinlashtirishi aytilgan.

Qozog‘iston Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, uning Rossiyaga eksporti 2022-yilda undan oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshgan. Xususan, Qozog‘istondan 2021-yilda kir yuvish mashinalari eksport qilinmagan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 100 mingtaga yetgan. Financial Times mart oyida Qozog‘iston Rossiyaga reeksport qilinuvchi tovarlar ustidan nazoratni kuchaytirishi xaqida xabar bergandi.