Farg‘ona viloyati IIB “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini tuzish tashabbuskori Xidirnazar Allaqulov hamda shaxsi aniqlanayotgan fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan va undan so‘ng Farg‘ona IIBda ro‘y bergan mojarolar haqida ma’lumot berdi.

Allaqulov 7-iyun kuni soat 09:10 da Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomli san’at saroyi hududiga partiyani ro‘yxatga olish uchun imzolarni to‘plash maqsadida yig‘ilishgan. Shu yerdagi bir nechta (shaxsi aniqlanmoqda) fuqarolar bilan nizoli holat yuzaga kelgan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Allaqulovning “Farg‘ona shahar IIO FMBga murojaati ichki ishlar xodimlari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan”.

Shuningdek, IIO FMB binosining tashqarisida fuqaro Allaqulov fuqaro M.U. (1971 y.t.) bilan o‘zaro tushunmovchilik natijasida janjallashib, “go‘yoki uning imzo yig‘ish jarayoniga huquq-tartibot xodimlari tomonidan aralashuv bo‘layotganligini asossiz vaj qilib, shahar IIO FMB hududiga qaytib kirib, ichki ishlar organlari xodimlari bilan janjal uyushtirgan”.

“IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, fuqaro Allaqulov X. o‘z tarafdorlari A.Sh. va T.Sh. bilan faol qarshilik ko‘rsatib, xizmat vazifasini bajarayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazishgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Allaqulov tarafdorlari partiyaning YouTube kanalida imzo yig‘ish vaqtida provakatsiya uyushtirilganini ma’lum qilishdi. E’lon qilingan suhbat yozuviga ko‘ra, Allaqulov va boshqalar IBBga olib ketilgan va u yerda qo‘llariga kishan taqilgan.

May oyi oxirida Xidirnazar Allaqulov Andijonda imzo to‘plash vaqtida ham provakatsiyaga uchragani haqida ma’lum qilgan edi. Andijon viloyat IIB jamoat tartibi buzilishi holati o‘rganilayotganini bildirdi.