Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgani xabar qilingandi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, Bo‘kadagi voqea bo‘yicha Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar hibsga olinganini Ombudsman ijobiy baholaydi.

“Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Bo‘kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko‘ruvchi xodimlar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, so‘nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni e’tirof etishimiz lozim. Lekin, davlat siyosatiga qarshi turib, o‘z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo‘l qo‘yayotgan „xodimlar“ bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi”, — deyiladi munosabatda.

“Shu o‘rinda aytish kerakki, qiynoq bu jamiyat tanasidagi kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik ta’minlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik qiynoqlarni barvaqt oldini olishning ta’sirchan vositalaridan biri. Mamlakatdagi ochiqlik siyosati sabab shu kabi og‘riqli holatlar tilga olinib, unga jamoatchilik e’tibori qaratilmoqda”, — deya qayd etilgan Ombudsman munosabatida.

Qayd etilishicha, qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman boshchiligida Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan birga penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerdagi sharoitlar tizimli ravishda o‘rganilmoqda. U yerda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo‘llanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib o‘rganilib, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Bo‘kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo‘lishi ta’kidlangan.

“Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubi dan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qat’iy chora ko‘rish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zo‘ravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan bu boradagi qadamlar izchil bo‘lishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qat’iy jazoga tortishga chaqiramiz”, — deyiladi munosabat yakunida.