Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida chorva o‘g‘irlashda gumonlangan 36 yoshli fuqaro Usmon Salimboyev IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati voqeaga sababchi ikki xodim hibsga olingani, tuman IIB rahbariyati esa ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

“Gumonlanuvchi U.S. Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘lim yuz bergan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

BBC`ning o‘zbek xizmati Usmon Salimboyevning oila a’zolari bilan suhbatini e’lon qildi. Unda marhumning ukasi Asliddin Salimboyevning aytishicha, akasi yashiringani uchun dastlab IIBga uni olib ketishgan va IIB binosida qiynoqqa solishgan.

“O‘sha kuni uyda ustalar ishlayotgandi, [IIB xodimlari] ustalarni ro‘yxatga qo‘yish kerak deb aldab mashinaga olib chiqdi. Keyin IIB bordik. U yerda meni qo‘limga kishan solib urdi. „Akang bilan sheriksan, mol o‘g‘risisan“ deb menga tuhmatlar qildi. O‘sha yerdan keyin mashinaga solib, Bo‘ka tumaniga olib ketdi meni. Borganimizda [xodim] mast edi. Boshimga sellofan kiydirib, bo‘g‘ib rosa qiynoqqa tutdi”, — deydi Asliddin Salimboyev.

Asliddinning aytishicha, ular Usmon Salimboyevni advokat bilan birga IIBga olib kelishgan lekin advokat binodan chiqarib yuborilgan.

“Advokatga ishonib bordik, lekin advokatni qo‘lidan sudrab chiqarib yuborishdi. Meni olib qolishdi. Keyin „akang bilan ko‘rishtiraman“ deyishdida kishan bilan pastga olib tushishdi. „To‘xtab tur hozir akangni ko‘rsataman“ dedida ko‘rsatmadi. O‘shanda akamni o‘ldirgan ekan”, — dedi Asliddin Salimboyev.

Daryo.uz nashri bilan suhbatda marhumning yaqinlari ham ushbu holatni tasdiqlagan (keyinchalik maqola saytdan o‘chirilgan, unga oid video YouTube`dagi “Qitmir Muxbir” kanaliga qayta joylangan).

“Asliddinni tuman IIBga olib borishib, sen akang bilan o‘g‘rilik qilgansan, deb rosa urishibdi. Ikki kundan so‘ng Asliddinni advokat yordamida olib chiqdik. Asliddin uyga kelgach, u yerim og‘riyapti, bu yerim og‘riyapti, deyavergach, tekshirtirsak, hamma joyi ko‘karib ketgan. Protivogazni kiydirib, ayamay urishibdi. Rasmlarga olib qo‘ydik. Ko‘p o‘tmay, Usmonning o‘zi kelsa, yengillik bo‘ladi deyishdi. Shundan so‘ng Usmon o‘g‘irlagan mollarni IIB xodimlariga olib borib berdik. Usmon esa advokat bilan IIB binosiga bordi. Shu kuni kechasi Usmonning ukasini qo‘yib yuborishdi. Biz ham qaytdik. Ertasi kuni Bo‘kaga borsak, Usmon yo‘q, olib ketishgan, deyishdi. Shu kuni soat ikkilarda esa, Usmon o‘libdi deb eshitganimizdan so‘ng, Bo‘ka tuman IIB binosiga bordik”, — deydi marhumning tog‘asi Tohir Salimboyev.

Suhbatdoshning aytishicha, Usmon Salimboyev vafot etganini eshitgan qarindoshlari va yaqinlari, chamasi 35−40 nafar kishi o‘sha kuni Bo‘ka tuman IIB binosiga borib, Usmonni ko‘rsatishlarini talab qilgan.

Marhumning ammasi Muqaddas Norqo‘ziyevaning aytishicha, Usmonning jasadida kaltaklash izlari, qiynoq alomatlari yaqqol ko‘rinib turgan.

“Inson bolasi ham shunaqa uradimi? Ularga bu huquqni kim beryapti? Qo‘llarini kesib tashlagan. Bo‘ynidan bo‘g‘ishgan, qo‘llarining izi bor. Buyraklarini yirtib tashlagan. Ikki jiyanimga ham sellofan kiydirib, urgan ekan. Jiyanimni o‘ldirganlar 10−15 yil o‘tirib, qaytib chiqadi. Lekin mening jiyanim endi qaytmaydi. Vali degan IIB mansabdoriga ishonib, advokat bilan aybini tan olib borgandi. Marhum jiyanimning to‘rt nafar bolasi bor edi. Ular otasiz qoldi. Jiyanimning ruhi tinchlanishi uchun hammasiga roziman, kurashaman. Melisalar aybdorlarni urib o‘ldirsin degan qonun bormi? Qayerda yozilgan bu”, — deydi marhumning ammasi.

Asliddin Salimboyevning ushbu nashrga ma’lum qilishicha, uni IIBda 5 kishi navbat bilan urgan.

Jamoatchilik munosabati

Jamoatchilik bu va bundan avvalgi holatlar yuzasidan e’tiroz bildirib, ichki ishlar tizimi isloh qilinishini talab qilmoqda.

Xususan, bloger Nurbek Alimov IIV “har qanday xato qilgan xodimni maksimal oqlab, keyin uning xatosini yopib bo‘lmaydigan darajaga kepqolgandagina tan olish o‘rniga, o‘zlari qonun himoyachisi o‘laroq o‘z xodimlariga nisbatan qattiqroq talabchan bo‘lishlari kerak”ligi yozdi.

“Bugun esa xalq sizlardan qo‘rqadi. Qo‘rqishga sabablar ko‘p. Qo‘rquv befarqlikni keltirib chiqaradi, befarqlik esa degradatsiyani. Bu narsa kelajakda o‘zingizga ham zarar bo‘lishi mumkin. Har kuni chiqayotgan turli negativ xabarlar, qatorasiga yuz berayotgan 3−4 ta holatlar, tizim tubdan islohotga muhtojligini yana bir bor eslatmoqda”, — deydi bloger.

Jurnalist Ilyos Safarov esa quyidagicha post qoldirgan.

““Bugun xalqni u yomon ko‘rgan rahbarni ishdan olishga o‘rgatsak, ertaga o‘zimizga qiyin bo‘lib qoladi”. Elita tafakkuridagi ana shu tushunchani bugun, aynan ichki ishlar tizimi misolida o‘zgartirib boshlamas, tizimda tezkor islohotlar qilmas ekan, paydo bo‘ladigan oqibatlar go‘yoki u qo‘rqqan yuqoridagi “oqibat”dan ko‘ra yomonroq bo‘lishi mumkin”, — deydi jurnalist.

“Yaxshi, deylik, masalan, Andijon hokimini ishdan olish masalasi bahsliroq edi, lekin ichki ishlarda bo‘layotgan ishlar bu — terror, xalqqa qarshi qaratilgan jinoyatku. Soha ana shu jinoyatlar boshida turgan, ishini eplolmayotgan, terrorga yo‘l qo‘yib berayotganlardan to‘la tozalanishi shart. Ichki ishlardagi o‘limlar, qiynoqlar amaldagi hokimiyatning ham, xalqning ham manfaatlariga foyda keltirmaydi axir”, — deya ta’kidlagan Ilyos Safarov.

Davletov Telegram-kanali ham ichki ishlar tizimi isloh qilinishi kerakligini yozgan.

“Yuqoridagi va boshqa holatlar ichki ishlar organlariga kirib qolgan „bir-ikkita noinsof“ xodim emas, balki tizimli muammo, muammo bo‘lsa hamki, bunga kosmetik islohotlar bilan emas, qat’iy va tizimli asosda chora ko‘rilishi lozim. Ichki ishlar organlarining insoniy yuzi paydo bo‘lishi kerak. Buning uchun tizim boshqaruvini to‘laqonli yangilash, tizim shaffofligini ta’minlash va samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning vaqti keldi. Yo‘qsa, IIV boshqaruvidagi uquvsizlik va xohishsizlik davlatga, siyosatga dog‘ bo‘lib, o‘zini doimo eslatib turaveradi”, — deya yozgan bloger.

Viloyat prokuraturasi bayonoti

Toshkent viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat yuzasidan tarqalayotgan ma’lumotlarni “asoslanmagan” deb atab, ularga ishonmaslikka chaqirdi.

“Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma’lumotlarga tayanishingizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.