Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Prezident administratsiyasi tuzilmasida prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy etildi. 2023-yil 1-iyuldan JST qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.

Qaror bilan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish va sifatli amalga oshirishni ta’minlash maqsadida JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan bozorga kirish bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini aniq belgilab berish hamda ikki va ko‘p tomonlama muzokalarda tashqi savdo rejimini tarif va notarif choralar orqali o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilish vazifasi yuklatildi.

Maxsus vakil bir paytning o‘zida JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi o‘rinbosari hamda muzokalar guruhi rahbari — bosh muzokarachi hisoblanadi. Bu lavozimga Aziz Urunov tayinlangan.

Uning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish;
  • tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokalarning samarali o‘tkazilishini va muzokaralarda har bir masala bo‘yicha aniq pozitsiya ishlab chiqilishini ta’minlash;
  • JSTga a’zo bo‘lish jarayonida tashkilot kotibiyati va a’zo davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari bilan doimiy ishchi aloqalarni o‘rnatish;
  • tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida donorlarning texnik ko‘magi va grant mablag‘laridan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish.

Shuningdek, Adliya vazirligiga milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish vazifasi yuklatilgan va buning uchun qo‘shimcha 5 ta shtat birligi ajratiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tuzilmasida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash va savdo muzokalari departamenti tashkil etiladi. 20 ta vazirlik va idora markaziy apparati tuzilmasida JST masalalari bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etiladi.

O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari bo‘yicha birinchi kotib lavozimi kiritiladi.

17-may kuni bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan YeTTB yillik forumida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishidan oldin O‘zbekiston qo‘yishi kerak bo‘lgan qadamlar haqida gapirib o‘tgandi.

Jamshid Xodjayev JSTga a’zo bo‘lish muddatlari haqidagi savolga shunday javob bergan: “Trend dinamik bo‘ladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Bizda juda qisqa muddat bor va uning ustida ishlaymiz”.

Shavkat Mirziyoyev esa 14-aprel kuni tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonining borishi va istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotda shunday degandi: “Keyingi 3 yilda biz tayyor mahsulot eksportini ikki baravar oshirishni rejalashtirganmiz. Bunga erishishning yagona yo‘li JSTga a’zo bo‘lishdir. Bu 164 davlat bilan savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarga ega bo‘lish imkonini beradi”.