Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 52 yoshli erkak mehribonlik uyidan asrab olgan 13 yoshli qizni zo‘rlab, homilador qilib qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot xizmati 6-iyun kuni erkakka nisbatan sud hukmi e’lon qilinganini bildirdi.

Aaprel oyida tarqalgan xabarlarda erkak 8 nafar tarbiyalanuvchini asrab olib, ulardan biri — 13 yoshli qizni homilador qilgani va bolani majburan tushirgani yozilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida sudlanuvchi K.T. (1971-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumanidagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugagan.

Bu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining raisi A.Tashev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmiga ko‘ra K.T. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi va eski tahrirdagi (2023-yil 11-aprelga qadar amalda bo‘lgan) 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.

Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalari talablariga muvofiq 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik hamda 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmaydi.