Dauletmurat Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov o‘z himoyasi ostidagi shaxsning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha Oliy sud sudlov hay’ati qarorini “adolatsiz” va “mutlaqo noqonuniy” deb atadi.

O‘zbekiston Oliy sudi 5-iyun kuni 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan Dauletmurat Tajimuratovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Yanvar oyida Buxoro sudi uni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish kabi turli ayblovlar bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

“Men [Oliy sudning ushbu qarorini] nafaqat adolatsiz, balki birinchi navbatda noqonuniy deb hisoblayman”, — dedi Mayorov “Gazeta.uz”ga bergan izohida.

“Ushbu sud qarori… bizning sud, hatto Oliy sud darajasida ham… mustaqil emasligini yana bir bor yanada aniq va ishonchli tasdiqlab berdi. U boshqa sudlar singari hokimiyatning xohish-irodasini bajaradi. Hukumat Tajimuratovning 16 [yili o‘zgarmay] qolishini so‘radi, sud esa bu ko‘rsatmani bajardi”, — deya ta’kidladi advokat.

“Sud mutlaqo noqonuniy, protsessual bo‘lmagan qaror qabul qildi. Protsessual nuqtai nazardan rasmiy ravishda to‘g‘ri, lekin hokimiyatni ag‘darib tashlash yoki hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida fitna uyushtirish kabi og‘ir jinoyatni sodir etishda aybdorligini isbotlash nuqtai nazaridan u bu jinoyatni sodir etmagan. U o‘ziga yuklatilgan boshqa jinoyatlarni qilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Sergey Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, u ham, Dauletmurat Tajimuratovning o‘zi ham hukm o‘zgartirilishiga ishonmagan.

сергей майоров, нuкuс voqealari, қорақалпоғiстон, даuлетмuрат тажiмuратов

Dauletmurat Tajimuratov 5-iyun kuni Oliy sudda apellyatsiya instansiyasi qarori e’lon qilinganda. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”.

Mayorov, shuningdek, apellyatsiya jarayoni qonunbuzarliklar bilan o‘tganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud ushbu jinoyat ishi “xolisona hal qilinishi” bilan “rostakamiga shug‘ullanmagan”.

Muzokara chog‘ida Sergey Mayorov suddan Tajimuratovga qo‘yilgan ayblovlarga asos bo‘lgan ekspertiza xulosalari “qo‘pol qonunbuzarliklar” bilan o‘tkazilgani uchun jinoyat ishidan chiqarib tashlashni so‘ragandi.

“Barcha ekspert xulosalarini ham qabul qilib bo‘lmasligi haqidagi dalillarim [sud] e’tibor[i]dan chetda qoldi”, — dedi advokat.

Mayorov avvalroq ishning “hajmi va murakkabligiga” qaramay, apellyatsiya sudi “juda tez” yakunlanganini his qilganini aytgandi.

сергей майоров, нuкuс voqealari, қорақалпоғiстон, даuлетмuрат тажiмuратов

Rinat Tajimuratov (o‘ngda). Foto: Oliy sud.

Dauletmurat Tajimuratovning ukasi, shuningdek, uning himoyachisi sifatida qatnashgan Rinat Tajimuratov ham Oliy sud qaroridan rozi emasligini bildirdi.

“Sud prokurorning arizasini qanoatlantirishga qaror qildi, lekin nega bizning arizamizni qanoatlantirmadi? Bizning dalillarimiz prokurornikidan salmoqliroq edi. Hech bir punktni isbotlab bo‘lmadi va ekspertiza umuman muvaffaqiyatsiz tugadi”, — dedi u va akasi kassatsiya shikoyatini berishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

“Hukm [kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgandan keyin ham] o‘z kuchida qolishiga shubha yo‘q. Ammo, nima bo‘lganda ham, ushbu kassatsiya shikoyati bosqichidan o‘tishga majburmiz. BMTning [Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi] petitsiya qoidalari bizdan milliy apellyatsiya [hukmi]ning barcha bosqichlaridan o‘tishimizni talab qiladi. Ya’ni hukmni o‘zgartirish uchun mamlakat miqyosidagi barcha imkoniyatlardan foydalanib bo‘lgan bo‘lish kerak”, — deya tushuntirdi Sergey Mayorov.

“Gazeta.uz” apellyatsiya sudi Dauletmurat Tajimuratovdan tashqari birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergan barcha shaxslarga nisbatan jazoni yengillashtirish to‘g‘risida qaror chiqargani haqida yozgandi. Xususan, ish bo‘yicha 8 nafar sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash bilan almashtirildi, 6 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoq jazosi muddati qisqartirildi. Yanvar oyidagi hukm e’lon qilingandan keyin hibsda vafot etgan Polat Shamshetovga nisbatan sud uning huquqlarini tiklash va mulkini merosxo‘rlariga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Bundan tashqari, sud birinchi instansiya sudi tomonidan ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan 4 nafar shaxsga nisbatan prokuratura protestini qanoatlantirmadi.

“Gazeta.uz” apellyatsiya sudi qarori e’lonini jonli efirda namoyish etdi.