O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi tomonidan poytaxt akvaparklaridan birining kiyinish xonasidan olingan video e’lon qilindi, unda ayol xonaga o‘rnatilgan kamerani ko‘rsatayotgani aks etgan.

Ayol bilan muloqot qilayotgan akvapark xodimining aytishicha, u yer jamoat joyi va o‘g‘rilik sodir bo‘lmasligi uchun xavfsizlik maqsadida kameralar o‘rnatilgan.

Toshkent shahri IIBB tomonidan xabar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. “Akvaparkning kiyinish xonasida kiyim almashtirish uchun alohida joylar ajratilgan, u yerda kamera yo‘q. Kameralar tashrif buyuruvchilarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan qismda joylashgan bo‘lib, ular shaxsiy buyumlar o‘g‘irlanishining oldini olish uchun o‘rnatilgan”, — deyiladi boshqarma matbuot xizmati xabarida.

O‘rganish davomida akvapark xodimlarining telefonlarida tashrif buyuruvchilarning fotosuratlari yoki videolari mavjudligi yoki tarqatilganlik holati tekshirilgan. IIBBning ma’lum qilishicha, hech qanday fotosurat yoki videoyozuvlar topilmagan.

Shu bilan birga, ichki ishlar xodimlari tomonidan akvapark xodimlari bilan shaxsiy fotosuratlar va videolarni tarqatmaslik bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Yunusobod tumani IIO FMBga akvapark ma’muriyati yoki xodimlari tomonidan fotosuratlar yoki videolar tarqatilgani haqida hech qanday ariza kelib tushmagan, deya ta’kidladi IIBB.

Akvapark ma’muriyati bilan bog‘langan “Daryo”ning qo‘shimcha qilishicha, mazkur kameralar 12 yildan beri o‘sha joyda turadi va ularni faqat ayollar nazorat qiladi.