O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” davlat rahbarlarining ikkinchi sammitida nutq so‘zladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

U o‘z nutqi avvalida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelga murojaat qildi: “Aloqalarimizning samaradorligi ko‘p jihatdan sizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv siyosiy muloqotni va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashingiz va qat’iy intilishingiz tufaylidir”.

afg‘onистон, европа иттифоқи, транскаспий yo‘lagi

Prezident Ostonada o‘tgan ilk uchrashuvdan buyon salkam bir yil o‘tganini eslab o‘tdi va qisqa davrda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi: o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonda Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazildi. Unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, shu jumladan, yevropalik sheriklarning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional ta’lim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalar boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mart oyida Toshkentda fuqarolik jamiyati forumi, Olmaotadagi ikkinchi Iqtisodiy forum, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishi natijalarini alohida qayd etishni istashini ta’kidladi. Bu tadbirlar “yevropalik sheriklar bilan muloqotlar sifat jihatidan va ijobiy o‘zgarib borayotganini” yana bir bor ko‘rsatishi qayd etildi.

“Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi”, — dedi davlat rahbari. Gap

  • zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish;
  • “yashil” energetikani joriy etish;
  • “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish;
  • rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik haqida bormoqda.

Prezident 2030-yilga qadar ushbu ko‘rsatkichlarning ikki barobar o‘sishiga erishish uchun barcha asoslar borligini ta’kidladi.

Davlat rahbari Sharl Mishelga murojaat qilib, uning “O‘zbekistonga tarixiy tashrifidan so‘ng” barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashganini bildirdi.

“Biz Fransiya, Germaniya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Budapesht va Stokgolmda elchixonalar ochdik. Kelgusi haftada men Italiyaga tashrifni amalga oshirishni rejalashtirmoqdaman”, — dedi davlat rahbari.

U Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi GSP+ tartibi tufayli barqaror o‘sib borayotganini qayd etdi. Xususan, 2022-yilda savdo hajmi 20 foizga oshgan, 2023-yil boshidan buyon qariyb 70 foizga o‘sgan. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining so‘nggi o‘rganishlariga ko‘ra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy o‘sish joriy yilda 5,2 foizni va kelgusi yilda 5,4 foizni tashkil qiladi.

Yevropalik ekspertlar O‘zbekistonda o‘rtacha 6,5 foizlik yillik o‘sishni prognoz qilmoqda. “Ayni paytda biz 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadlarini ikki barobar oshirib, daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtiryapmiz”, — dedi prezident.

O‘zbekiston prezidenti hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

“Birinchisi — savdo. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirishdan, eng avvalo, barqaror savdo-logistika zanjirlarini va o‘zaro mahsulot yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishdan manfaatdor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari GSP+ tartibining taqdim etilishi mamlakat ishlab chiqaruvchilarini tashqi savdo faoliyatiga jalb qilish va shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

“Biz ushbu shartlarning amal qilish muddatlarini yangi davrga uzaytirishdan manfaatdormiz. Ushbu preferensiyalar tizimining mintaqadagi barcha mamlakatlarga tatbiq etilishi iqtisodiyotlarimizning industrial salohiyati va raqobatbardoshligi ortishiga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

Shu bilan birga, mintaqada quyidagi kabi masalalar mavjud ekaniga e’tibor qaratdi:

  • Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq zamonaviy laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlash markazlari tarmog‘ini yaratish;
  • Yevropa bozorlarida ishlashi uchun o‘zbekistonlik eksport qiluvchilarning bilim va salohiyatini rivojlantirish;
  • Yevropa kompaniyalarining mintaqa mamlakatlari savdo imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish.

“Afsuski, bu masalalarning barchasi bo‘yicha hanuzgacha sezilarli natijalarga erishilgani yo‘q”, — dedi prezident. Ularni hal etish uchun mamlakatlar eksport va import qiluvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini birgalikda ishlab chiqish taklif etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham ushbu vazifaning ijrosiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ikkinchi yo‘nalish — barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish

“Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, „O‘rta marshrut“ deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir”, — dedi davlat rahbari.

Ammo ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emasligi ko‘rsatildi.

“Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli bo‘lgan tariflar kerak. Biroq tahlillar ko‘rsatayotganidek, ushbu yo‘nalishdagi joriy tarif va yig‘imlar, masalan, muqobil bo‘lgan Shimol — Janub yo‘nalishlaridagidan 1,5 barobar baland”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Transport-logistika va port infratuzilmalarini yuklar oqimining prognoz qilinayotgan o‘sishiga mos ravishda kengaytirish hamda yo‘l qoplamasining texnik holatini yaxshilash masalalari ham muhim ahamiyatga ega, deya qo‘shimcha qildi prezident.

O‘zbekiston rahbari Transkaspiy yo‘lagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, ta’sirchan mexanizmini yaratishni taklif qildi. Shuningdek, yevropalik hamkorlar tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotlarning muhim ahamiyatini qayd etdi.

Uchinchi yo‘nalish — investitsiyaviy va texnologik sheriklik

“O‘ylaymanki, „Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi“ iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekistonga o‘tkazish uchun maxsus moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini ishga tushirishdan manfaatdorligini bildirdi.

To‘rtinchi yo‘nalishga kelsak, O‘zbekiston raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatida.

Jahon banki mutaxassislarining tadqiqotlariga ko‘ra, yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi.

Bu borada “Yevropa jamoasi” tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilinib, “Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibi”ni birgalikda ishlab chiqish taklif etildi.

Beshinchi yo‘nalish — iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish. Bu yerda, avvalambor, Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini oshirish haqida so‘z bormoqda, deyiladi xabarda.

Preziden bugun O‘zbekistonda “yashil” energetika faol rivojlanib borayotganiga e’tibor qaratdi. “2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazishni reja qilganmiz”, — dedi u.

O‘zbekiston rahbari Yevropa Ittifoqini joriy yilning kuzida “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamlik tashabbusi” doirasida o‘tkaziladigan birinchi Xalqaro iqlim forumini hamkorlikda tashkil etishga taklif qildi.

Oltinchi yo‘nalish — turizmni rivojlantirish. Ushbu tarmoq pandemiyadan keyin tez qayta tiklanayotgani va barqaror yuqori o‘sish sur’atini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. “Shunga qaramay, Markaziy Osiyoning ulkan turizm salohiyati bugungi kunda to‘liq ishga solinmayapti”, — dedi prezident.

U Markaziy Osiyo uchun barqaror turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni joriy yil oktabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammitida taqdim etishni taklif qildi.

Ushbu dastur quyidagi masalalarni qamrab oladi:

  • infratuzilmani modernizatsiya va tarixiy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha aniq loyihalarni,
  • aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va sonini ko‘paytirish;
  • butun mintaqa uchun mo‘ljallangan yagona turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda viza tartibotlarini soddalashtirish.

Yettinchi yo‘nalish — yoshlar ta’limiga investitsiya kiritish. O‘zbekistonda Yevropaning yettita universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. “Lekin bu yetarli emas. Yaqin istiqbolda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ta’lim dasturlarini, birinchi navbatda, texnika mutaxassisliklari bo‘yicha joriy qilish niyatidamiz”, — dedi prezident.

U, shuningdek, “Yevropa ufqlari” dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

afg‘onистон, европа иттифоқи, транскаспий yo‘lagi

O‘zbekiston prezidenti o‘zaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishi yangi tahdid va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash ekanini eslatdi.

“Bugun chegaralarni himoya qilish, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni samarali amalga oshirmoqdamiz. Yevropalik hamkorlar ko‘magida minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi, chegara punktlari modernizatsiya qilindi”, — deya esladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, chegaralarni muhofaza qilish sohasida hamkorlikning yangi dasturlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaydi. Shu maqsadda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzuida ekspert konferensiyasi o‘tkazishni taklif qildi.

“Afg‘oniston muammosi e’tiborimiz markazida bo‘lib turibdi. Ming afsuski, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda millionlab afg‘onlar halokat yoqasida turibdi. Shu munosabat bilan sheriklarimizni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiramiz. Shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini bundan buyon ham taqdim etishga tayyormiz. Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarimizning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirishni taklif etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yakunida O‘zbekiston prezidenti yetakchilarning ikkinchi uchrashuvi yakunlariga ko‘ra yuqoridagi barcha tashabbuslarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Muloqotlarimizni muntazam o‘tkazib borish to‘g‘risidagi taklifni ham qo‘llab-quvvatlayman. Ushbu formatdagi ilk sammitni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish borasidagi tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor etaman”, — dedi davlat rahbari.