Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik Svetlana Osipova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
+73 kg vazn toifasida bahslashgan sportchi dastlabki jangda italiyalik Alessandra Ilichga qarshi dayanga chiqib, uni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi bosqichda amerikalik Xanna Kek bilan jang qilish kerak edi. Biroq AQSh vakilasi jarohat sabab jangda dayanga ko‘tarilmadi. Shu tariqa Osipova to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Chorak finalda marokashlik Fotima Abufarasni, yarim finalda esa 3 karra jahon chempioni britaniyalik Byanka Kukni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq hal qiluvchi bellashuvda turkiyalik Nafiya Kushga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirda ikkinchi o‘rinni oldi.
Ushbu natija orqali Osipova jahon va Parij-2024 Olimpiadasi reytingidagi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi.
Avvalroq o‘zbekistonlik Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov ham mazkur turnirda bronza medaliga ega chiqqandi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda Meksikada taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Osipova jahon chempioni bo‘lgandi. Final bellashuvida u isroillik sportchini mag‘lubiyatga uchratgan.