Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Senatning 41-yalpi majlisida O‘zbekistonda 2022-yilda hisobraqam ochgan norezidentlar soni geosiyosiy vaziyat tufayli 60 mingtadan oshganini ma’lum qildi. Ular mamlakat banklaridagi hisoblariga 892 million dollar ekvivalentidagi mablag‘ qo‘ygan.

Regulyator rahbari bu ma’lumotlarni hisobot yakunida berilgan savolga javoban qayd etib o‘tdi. Mamarizo Nurmuratovga aholi omonatlari tarkibida xorijiy valyutadagi omonatlarni bir yildan yuqori muddatga qo‘yish 9 foizga kamaygani, talab qilib olinguncha omonatlar ulushi esa aksincha 9 foizga ko‘paygani yuzasidan savol berildi.

Markaziy bank rahbari bu holat aholining banklarga bo‘lgan ishonch darajasi bilan emas, norezidentlarning mamlakat banklarida hisobraqam ochishi ko‘paygani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining umumiy depozitlari 1,7 baravarga oshganda, valyutadagi muddatli depozitlarda kamayish sodir bo‘lgan.

“Buni ikkita holat bilan izohlaymiz. Birinchidan aholida valyuta kursining kichik darajada tebranishi saqlanib qolishi va omonatlar foizlarining jozibador, 21−22 foiz darajada shakllanishi valyutadagi omonatlarini olib, so‘mda omonat ochishga qiziqish uyg‘otyapti. Biz buni amaliyotda ko‘p kuzatyapmiz. Banklardan depozitlarning o‘sish manbalarini so‘raganimizda ular bizga axborot berishyaptiki, valyutadagi depozitlarni so‘mga o‘tkazish kuchaygan. Shu nuqtai nazardan biz buni yaxshi holat deb baholaymiz. Buni banklarga ishonchni pasayishi yoki aholi dollarlarni uyida saqlayotgani bilan bog‘lasak, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmaydi”, — degan Mamarizo Nurmuratov.

Ikkinchi omil esa geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq ekani aytildi. Valyutadagi mablag‘ talab qilib olinguncha omonatlar soni norezidentlarning ko‘payishi hisobiga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning mart oyida O‘zbekistonda xorijiy valyutadagi omonatlarga qiziqish keskin oshgani xabar qilingandi. Yilning dastlabki choragida aholi tomonidan xorijiy valyutadagi omonatlarga 2,2 trillion so‘m ekvivalentidagi mablag‘ yo‘naltirilgan. Shundan qariyb 1,5 trillion so‘m mablag‘ mart oyida kelib tushgandi.

O‘shanda Markaziy bank jamg‘armalarning valyuta tarkibi o‘zgarishini devalvatsiya kutilmalarining ortishi bilan izohlagan. 2022-yil mart oyida so‘mning qadrsizlanishi fonida omonatlar bo‘yicha pul mablag‘larini chet el valyutasiga o‘tkazish faollashgan. Naqd valyutani xarid qilish hajmi ham sezilarli darajada oshgan.

“Biroq Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar (asosiy kursni oshirish va intervensiyalar hajmini oshirish) munosabati bilan mart oyining so‘nggi 10 kunida [devalvatsiya] kutilmalar pasaydi, mablag‘larni milliy valyutaga konvertatsiya qilish jarayoni va banklarga chet el valyutasini sotish faollashdi”, — deya qayd etgandi regulyator.