Senatning 41-yalpi majlisida professional futbol klublarini ijtimoiy soliqdan boshqa barcha soliqlardan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi.

Qonun bilan kodeksning 483-moddasiga 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublarini barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, jalb qilingan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha ham imtiyoz berilishi mumkin.

Bundan tashqari, hujjat loyihasida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan, mamlakatda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq professional klublardan “Paxtakor”, undan keyin esa yana 8 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoalarining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga topshirilgandi. Bundan tashqari, “Paxtakor” klubi 2020-yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar o‘ntaligida joy olgandi. Jamoa 2020-yilda 82,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.