O‘zbekistonda ekologik muammolarni hal qilish maqsadida Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga aylantirildi. Bu haqdagi farmon prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 31-may kuni imzolangan.

Vazir Aziz Abduhakimov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ekologiya sohasidagi jiddiy muammolarga hududlar rahbarlari, ekologiya va ichki ishlar organlarining e’tiborsizligi sabab bo‘lganini bildirdi. Jumladan, ko‘plab huquqbuzarliklar tabiatni muhofaza qilish organlarining vakolatlari yetarli emasligi sababli sodir bo‘lmoqda.

“Daraxtlar va yashil maydonlarni betonlash, daraxtlarga reklama joylashtirish, daraxtlarni lampochkalar bilan bezash — nega bunday bo‘lmoqda? Vaziyatni tahlil qilib, nazorat yo‘qligini, inspektorlar yetarli emasligini anglab yetdik. Oqibatda ular yo qonunbuzarlikka sherik bo‘ladi yoki shunchaki ko‘z yumadi”, — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy faoliyat erkinligi, aholi farovonligi yoki turizm bo‘yicha reytingi oshib bormoqda, biroq 2022-yilgi Farovonlik indeksi natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi ekologik vaziyat dunyodagi eng yomonlaridan biri.

Prezident farmonida O‘zbekiston hududlarida, ayniqsa, shaharlarda havoning ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashib borayotgani, atmosferaga chiqindi gazlar chiqishini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilmagani ta’kidlangan.

Daraxt va butalarni kesishga e’lon qilingan moratoriy davrida 44 mingga yaqin, shu jumladan, 9500 ga yaqin qimmatbaho daraxt turlarining noqonuniy kesilishi oqibatida tabiatga 36 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

“Mamlakatimizdagi atrof-muhit holati yomonlashishining oqibatlariga misollardan biri allergiya hisoblanadi, — deydi Aziz Abduhakimov. — Bu katta muammo. Ekologiya inson xatolarini kechirmaydi, hammasi qachondir qaytib keladi. Vaziyat juda og‘ir, lekin hozir mamlakatda ekologik muammolarni hal qilish uchun yaxshi poydevor yaratilmoqda”.

Farmonda hayvonlar, jumladan, uy hayvonlari va qarovsiz hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ko‘payib borayotgani, ularni identifikatsiya qilish, chiplash, emlash va sterilizatsiya qilishning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ham qayd etilgan.

“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda nazoratsiz va tizimsiz chorva boqish, yerosti suvlaridan ilmiy asoslarsiz foydalanish holatlarining ko‘payishi ekotizimlarning buzilishiga, katta maydonlarning degradatsiyasi va cho‘llanishining kuchayishiga olib kelmoqda, oqibatda iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda, inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid paydo bo‘lmoqda”, deyiladi hujjatda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda jami 27 ta ekologik huquqbuzarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ular faqat yengil moliyaviy jazo tarzida jazolangan.

Chiqindilar poligonlarining holati hanuz ekologiya va sanitariya talablariga javob bermaydi, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish texnologiyalarini joriy etishning kechikishi ularning kelajakda ekologik halokat darajasidagi muammoga aylanishi xavfini tug‘dirmoqda, deyiladi qabul qilingan hujjatda.

Prezident farmoni bilan isloh qilingan vazirlik Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 1-iyulga qadar atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik va hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini hukumatga taqdim etishi kerak. Ular quyidagilarni ta’minlashi kerak:

  • atrof-muhitga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni jinoyat deb kvalifikatsiya qilish;
  • Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni noqonuniy ovlaganlik uchun jarima miqdorini oshirish — 10 baravar; o‘simliklarni yo‘q qilish yoki ularni o‘sishdan to‘xtash darajasigacha shikastlantirish — 5 baravar;
  • hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jarima miqdorini oshirish — 10 baravar. Ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar hayvonlarni boqish huquqidan mahrum qilinadi;
  • turli chiqindilar bilan ishlashda atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun ularning hajmini 10 baravar oshirgan holda ma’muriy jarimalar qo‘llash.
  • Shu bilan birga, ushbu qoidabuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100−300 barobari miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi.

Vazirlik tuzilmasida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etilmoqda. Unga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish xodimlari hamda o‘rmon va o‘rmon ov xo‘jaligi davlat inspektorlarining shtat birliklari beriladi. Inspeksiya rahbari maqomi bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Respublika ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarga inspeksiyaga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi. Shuningdek, inspeksiyalarga tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan hududlarda mansabdor shaxslar va davlat organlarining (shu jumladan, biznes-ombudsman) roziligisiz ekologik monitoring doirasidagi faoliyatni amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Avvalroq korxonalarni tekshirish tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga tenglashtirilgandi. Bunda mansabdor shaxslar va davlat idoralari bilan kelishish kerak edi. Ushbu chora 2018-yilda biznesga ko‘proq erkinlik berish uchun kiritilgan. Biroq natijada ekologiya tizimi xodimlari ko‘pincha tabiatni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish maqsadida korxonalar hududiga kira olmay qolgan. Bu esa tadbirkorlarga qonunni jazosiz buzish imkonini yaratib bergan.

Bundan tashqari, 1-iyuldan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy etiladi. Befarq bo‘lmagan fuqarolar nazoratchi bo‘la olishi mumkin, dedi Aziz Abduhakimov. Ular forma va nishonlar bilan ta’minlanadi. Agar ekologik qoidabuzarliklar aniqlansa, ularni rasmiylashtirib, maxsus platformaga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Nazoratchilar, shuningdek, o‘z faoliyati uchun bepul ta’lim va malaka oshira oladi.

Jamoatchilik nazoratchilari Pensiya jamg‘armasiga BHMning 50 barobari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan pensiyani hisoblash uchun zarur bo‘lgan ish stajini hisoblash tartibiga rioya qiladi.

Prezident farmonida, shuningdek, bosh prokurorning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Bosh prokuratura tuzilmasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish departamenti tashkil etilmoqda. Unga Ekologiya vazirligi tizimidagi xodimlar sonini optimallashtirish hisobiga ajratilgan 33 ta shtat birligi jalb etiladi.