Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Senatning 41-yalpi majlisida aholi qo‘lida 12 mlrd dollar pul bor ekanini aytib, bank sektori bu mablag‘ning barchasini jalb qila olmasligini, lekin aholi pullarini bankka topshirish tendensiyasi mavjudligini qayd etdi.

Regulyator rahbari aholi omonatlari tarkibida xorijiy valyutadagi omonatlarni bir yildan yuqori muddatga qo‘yish 9 foizga kamayganiga izoh berib, quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

“Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, aholining qo‘lida qariyb 12 mlrd dollar mablag‘ bor. Biz hali buning hammasini jalb qila olmaymiz ham. Lekin shu bilan birga o‘zgarish, tendensiya, bankka pul mablag‘larini topshirish, dollarlarni so‘mga aylantirib, muddatli omonatga qo‘yish jarayoni boshlangan. Bu — biz uchun quvonchli hol. Bu banklarning resurs bazasiga milliy valyutada kredit berishga imkon beradi”, — dedi Markaziy bank raisi.

Shuningdek, Mamarizo Nurmuratov aholi omonatlari tarkibida xorijiy valyutadagi omonatlarni bir yildan yuqori muddatga qo‘yish kamaygani banklarga bo‘lgan ishonch darajasi bilan emas, norezidentlarning mamlakat banklarida hisobraqam ochishi ko‘paygani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

“Buni banklarga ishonchning pasayishi yoki aholi dollarlarni uyida saqlayotgani bilan bog‘lasak, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmaydi”, — deydi Mamarizo Nurmuratov.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil davomida jismoniy shaxslar banklardan 8,9 mlrd dollarlik valyuta sotib olgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,3 mlrd dollar yoki deyarli ikki barobarga ko‘p. Shu bilan birga, banklar tomonidan aholidan 11,9 mlrd dollarlik valyuta xarid qilingan, bu 2021-yilga nisbatan 4,8 mlrd dollar yoki 1,7 barobar ko‘pdir.

Bundan tashqari, 2022-yilda O‘zbekistonga rekord darajada — 16,9 mlrd dollar pul o‘tkazmalari kelib tushgan bo‘lib, bu 2021-yilga nisbatan 2,1 barobar ko‘p. Bu mablag‘larning katta qismi Rossiyadan jo‘natilgan. O‘zbekistondan boshqa davlatlarga esa 2,1 mlrd dollarlik xorijiy valyuta jo‘natilgan.