O‘zbekistonda 2025-yil oxiriga qadar havo ifloslanishini prognozlash va havoning yuqori darajada ifloslanishi haqida aholini erta ogohlantirish tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan. Mazkur farmon bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga aylantirildi.

Farmonda “Atrof-muhitning davlat monitoringi tizimini tubdan takomillashtirish” maqsadida 1-dekabrga qadar respublika bo‘yicha tumanlar va sanoat korxonalari atroflarida atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatish topshirildi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida o‘rnatiladigan avtomatlashgan kichik stansiyalar ma’lumotlari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish orqali vizuallashtirilib, rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida muntazam yangilab boriladi.

I toifali sanoat korxonalari 2024-yil oxirigacha (II toifa — 2025-yil oxirigacha) ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qilish uchun avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalarini o‘rnatishi kerak.

Shu muddatda ular yangilarini o‘rnatishi va mavjud bo‘lgan yuqori samarali chang va gaz tozalash moslamalarini va lokal suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilishlari kerak. Bundan tashqari, ushbu korxonalarning sanitariya muhofazasi zonalari avtomat statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlanishi kerak.

2024-yil 1-yanvardan boshlab bunday uskunalarni o‘rnatish nazarda tutilmagan I va II toifadagi korxonalarni qurish loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmaydi va ushbu uskunasiz qurilgan obyektlar ishga tushirish uchun ruxsatnoma ololmaydi.

Korxonalar uchun chang va gaz tozalash moslamalari, lokal suv tozalash inshootlari va avtomatik monitoring tizimlarini o‘rnatish uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali 100 million dollarimiqdorida kredit liniyasi ochilmoqda.

“Bu qimmat uskunalar, ammo korxonalar bunga mas’uliyat bilan yondashadi, — dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Shu bois korxonalar „imtiyozli“ kreditlar oladi. Buning uchun O‘zbekiston taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar ajratilmoqda. Biz xalqaro moliya institutlari bilan ham hamkorlikni boshladik”.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, uch yil avval ham shunday talablar qo‘yilgan, biroq ular bajarilmagan. “Va keyin savol tug‘iladi, nima uchun?”

1-iyuldan boshlab asbob-uskunalar o‘rnatgan (yoki shartnoma bo‘yicha to‘lovlarning 15 foizini to‘lagan) korxonalar atrof-muhitni ifloslantirgani va chiqindilarni joylashtirgani uchun kompensatsiya pulini 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin. Uskunani o‘rnatmagan korxonalar uchun esa kompensatsiya to‘lovlari 5 barobarga oshadi.

“Filtrlarni o‘rnatish kompensatsiyadan arzon bo‘lishi uchun shunday qilamiz, — deydi Aziz Abduhakimov. — Albatta, har safar hisoblash kerak, lekin bu normani ham o‘tkazish juda qiyin bo‘ldi. Endi biz uni 5 barobarga oshiramiz, ammo kelajakda kompensatsiya to‘lovlari miqdori zarar miqdoriga mos kelishi kerak deb o‘ylaymiz. Ammo bu yerda muammo shundaki, monitoring tizimini o‘rnatmasdan, biz zararni hisoblay olmaymiz. Birlamchi ma’lumotlarsiz ekologik vaziyatni yaxshilash uchun zarur choralar va to‘g‘ri qarorlarni qabul qila olmaymiz”.

Tadbirkorlik faoliyatinini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kichik biznes subyektlariga chang va gaz tozalash moslamalari, suv tozalash inshootlari va atrof-muhit ifloslanishini nazorat qiluvchi avtomatlashtirilgan stansiyalar o‘rnatishda imtiyozlar beriladi.

Xususan, korxonalarga asbob-uskunalar sotib olish va o‘rnatish uchun kreditlar bo‘yicha kompensatsiyalar taqdim etiladi. Kreditlar tijorat banklari tomonidan 2026-yil 1-yanvargacha milliy valyutada berilishi kerak.

Kompensatsiya foiz stavkasining asosiy stavkadan oshib ketgan, lekin asosiy stavkaning 30 foizidan oshmaydigan qismini qoplash uchun 2+1 tamoyili bo‘yicha uch yilgacha muddatga beriladi (IV va V toifadagi tuman va shaharlarda — 40% dan ortiq bo‘lmagan). Shu bilan birga, kreditning foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 1,5 barobar, kredit summasi esa 5 milliard so‘mdan oshmasligi kerak.

Bundan tashqari, kichik biznes subyektlariga 2026-yil 1-yanvarga qadar tijorat banklaridan olingan kreditlar summasining 50 foizigacha kafillik beriladi. IV va V toifadagi tuman va shaharlarda joylashgan korxonalar uchun kafolat miqdori 75 foizgacha bo‘ladi. Kredit summasi 2,5 milliard so‘mdan oshmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning shu farmoni bilan korxonalarning ekologik monitoringini biznes-ombudsman bilan muvofiqlashtirish bekor qilingan edi.