Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda ayollarning kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qilishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, kir mashinasida kir yuvish uchun ayollar o‘rtacha 17 daqiqa vaqt (kirni saralab mashinaga solish va undan so‘ng qurishi uchun osish) sarflaydi. Qo‘lda kiyimlarni yuvish esa o‘rtacha 1,5 soatdan 2,5 soatgacha davom etadi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi har 100 ta uy xo‘jaligining 95 tasida kir yuvish mashinasi bor. Kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi Sirdaryo viloyatida eng past — 83 ta, Toshkent shahrida esa eng yuqori — 128 ta.

Agentlikning uy xo‘jaliklari so‘rovida kir yuvish mashinalarining turi (avtomat, yarim avtomat) yoki qanday maqsadlarda foydalanilishi (qishloqlarda sutdan qaymoqni ajratish maqsadlarida ham foydalaniladi) so‘ralmaydi va shahar-qishloq kesimida ma’lumotlar keltirilmaydi. Shuning uchun uy xo‘jaliklarining 100 tadan 96 tasida avtomat kir yuvish mashinasi bor va ulardan aynan kir yuvishda foydalaniladi, deyish biroz mushkul, deydi mutaxassislar.

MHTI tahliliga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik darajasi 1 foizga oshishi iqtisodiy faol ayollar sonini 1,9 foizga yoki 122 ming nafarga oshiradi.

ayollar, kir yuvish mashinasi, мҳти

Infografika: MHTI

“O‘zbekistonlik ayollarning iqtisodiy faollik darajasi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan past (43 foiz). Buning asosiy sababi ular ko‘p vaqtini uy ishlariga sarflashidir. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iqtisodiyotda band bo‘lgan o‘zbek ayollari uy ishlariga kuniga 4 soat vaqt ajratadi. O‘zbek ayollarining bo‘sh vaqti juda oz ekanini isbotlovchi yana bir ko‘rsatkich ularning farzandlariga ko‘p vaqt ajrata olmasligidir”, — deya hisoblaydi ekspertlar.

Xususan, 36,8 foiz ayollar farzandlariga turli xil kitoblarni o‘qib berishini, 37,4 foiz ayollar farzandlari bilan o‘yinlar o‘ynab, dam olishini bildirgan.

“Ayollar, ayniqsa, qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollarning kundalik hayotda avtomat kir yuvish mashinalaridan foydalanishi bir haftada o‘rtacha 4 soat vaqtni tejash imkonini beradi. Bu vaqtni esa farzandlarning ta’lim-tarbiyasi uchun sarflash mumkin. Kir yuvish mashinalaridan foydalanish suv va energiya sarfining kamayishiga ham olib keladi”, — deydi mutaxassislar.

MHTI qishloq ayollarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni bildirdi. Buning eng asosiy mexanizmlaridan biri sifatida esa kir yuvish mashinalarini xarid qilish istagida bo‘lgan ayollar uchun maxsus imtiyozli kreditlar tizimini joriy etish taklifni ilgari surmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kir yuvish mashinasini xarid qilish uchun (iste’mol krediti) kreditning yillik foiz stavkasi 25 foizdan boshlanadi. Bo‘lib berish tartibida xarid qilinganida, tannarxidan kamida 40 foiz qimmatga tushadi.

“Shularni inobatga olgan holda, aynan kir yuvish mashinasini xarid qilish istagidagi ayollar uchun maxsus yillik foiz stavkasi Markaziy bank tomonidan belgilangan moliyalashtirish stavkasi miqdorida bo‘lishi taklif etiladi”, — deyiladi hisobotda.

Avvalroq Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari o‘zbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini tahlil qilgandi. Ularning fikricha, o‘zbek ayollaridagi iqtisodiy faollikning pastligi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishga bog‘liq. Qolaversa, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39% kam maosh oladi va ular 30 yoshda martabaga erisha boshlaydi.