AQSh Kongressining Vakillar palatasi defoltga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat qarziga qo‘yilgan yuqori chegarani oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kongressmenlarning 314 nafari qonun loyihasini ma’qullab ovoz bergan, 117 kishi esa bunga qarshi chiqqan. Prezident Jo Bayden kelishuv Amerika xalqi va iqtisodiyoti uchun yaxshi yangilik bo‘lganini ta’kidlagan.

“Men Senatdan hujjatni imzolashim uchun uni imkon qadar tezroq qabul qilishni so‘rayman”, — degan AQSh rahbari.

Qonun 2025-yilning 1-yanvarigacha federal hukumatga qo‘yilgan chegaradan ko‘proq qarz olishga imkon beradi. AQSh o‘z tarixidagi birinchi defoltga uchramasligi uchun Senat bu qarorni 5-iyungacha tasdiqlashi kerak. Shu sanadan keyin Moliya vazirligi o‘z qarz majburiyatlarini bajara olmaydi.

Qo‘shma Shtatlarda davlat qarzining umumiy miqdori bo‘yicha qonun bilan belgilangan chegara mavjud, ya’ni qarzning maksimal chegarasi. Bu federal hukumat o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarish uchun qarz olishga ruxsat etilgan maksimal miqdordir.

Bu majburiyatlarga ijtimoiy himoya dasturlarini moliyalashtirish, davlat qarzi bo‘yicha foizlar va harbiylarning maoshlari kiradi. Hukumat soliq yig‘imlaridan ko‘ra ko‘proq pul sarflagani sababli hisob-kitoblarni to‘lash uchun qarz olishga majbur bo‘ladi.

Yanvar oyida AQSh qarzi maksimal chegarasiga yetgan, shundan so‘ng Moliya vazirligi moliyaviy operatsiyalarni davom ettirish uchun favqulodda choralarni qo‘llashga majbur bo‘lgandi.

Bir necha oy davomida respublikachilar va demokratlar milliy qarz limitini oshirish borasida kelisha olmadi. Hozirda AQSh Kongressi Vakillar palatasini nazorat qilayotgan respublikachilar hukumatni kelgusi yillarda xarajatlarni qisqartirishga chaqirdi. Demokratlar ba’zi soliqlarni oshirish bilan javob berdi.

AQSh qarzi an’anaviy ravishda eng ishonchlilaridan biri hisoblanadi va dunyodagi asosiy zaxira aktivi hisoblanadi — jamg‘armalarning deyarli 60 foizi dollarda saqlanadi. Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, AQSh hukumatining defolti global retsessiyaga va millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Avvalroq Jo Bayden va Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti davlat qarzi chegarasini yana ikki yilga oshirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgani xabar qilingandi.

Ehtimoliy yoki muqarrar defoltning sabablari, potensial oqibatlari va AQSh hukumati ixtiyoridagi favqulodda choralar to‘g‘risida “Gazeta.uz” sharhini ushbu havola orqali o‘qish mumkin.

Shu kunning o‘zida AQSh senati ham qonunni ma’qulladi. Senatorlarning 63 nafari qonun qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 36 nafari bunga qarshi chiqqan.