O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvda ishtirok etish uchun 2-iyun kuni amaliy tashrif bilan Cho‘lponota shahrida (Qirg‘iziston) bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Sammitda Shavkat Mirziyoyevdan tashqari Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nurmuxammet Amannepesov ishtirok etadi.

“Kun tartibidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevroittifoq bilan konstruktiv muloqotini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari o‘rin olgan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, “GSP+” tizimidan foydalangan holda o‘zaro savdoni ko‘paytirish, investitsiya va innovatsiya loyihalari uchun qulay sharoit yaratish va ularni ilgari surishga ko‘maklashish, “yashil” energetikani joriy etish, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamli o‘zaro bog‘liqlik, ekologiya, turizm, madaniyat va boshqa yo‘nalishlardagi sheriklikning dolzarb jihatlari diqqat markazida bo‘ladi.

Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avvalgi (hisob bo‘yicha birinchi) sammiti 2022-yil 27-oktabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan.

Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy vaziyat Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi integratsiyani yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashini talab qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u ushbu format doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha strategik dastur ishlab chiqishni taklif qilgandi.